10:58 / 06.04.2016
2152

Putin Rossiya va O‘zbekistonning Sobiq Ittifoqqa oid moliyaviy da'volardan voz kechishi bo‘yicha kelishuvni imzoladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin "Rossiya hukumati va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi ikki tomonlama moliyaviy da'volar hamda majburiyatlarni tartibga solish bo‘yicha bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi.

Rossiya Davlat Dumasi 2016 yilning 25 mart kuni bu qonunni qabul qilib muhokamaga chiqargan, 30 mart kuni hujjat federatsiya kengashi tomonidan ma'qullangandi.

2014 yilning 10 dekabrida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Toshkentga tashrifi vaqtida O‘zbekiston va Rossiya moliyaviy talab va majburiyatlarni tartibga solishga oid hukumatlararo bitim imzolangandi.

Muzokaralar davomida tomonlar Sobiq Ittifoq moliyaviy munosabatlari va O‘zbekistonga 1992-1993 yillarda berilgan kreditlar bo‘yicha bir-biriga bo‘lgan barcha da'volardan voz kechishdi.

Rossiya tomoni hisob-kitobiga ko‘ra, 2014 yilning 1 noyabrida O‘zbekistonning Rossiyadan qarzi 889,3 million AQSh dollarni tashkil qildi (Bu 90-yillarda mavjud bo‘lgan va hozirga kelib yo‘q bo‘lib ketgan tashkilotlar qarzi, O‘zbekiston bu qarzlarni hech qachon tan olmagan). Undan asosiy qarz miqdori 500 mln dollar, foizlari 389 mln dollar (Tan olinmagan qarz ustiga qo‘shilgan foiz va ustama absurd ravishda tan miqdoriga yetib qolgan). O‘zbekiston faqat uning bir qismini – 43 mln dollarini to‘lashni va Sobiq Ittifoqning Olmos fondini bo‘lib olishni taklif qilgan edi (O‘zbekistonning Sobiq Ittifoq Olmos fondidan haqlari berilmagan).

Endilikda, shartnoma kuchga kirgan kundan boshlab, bir oy davomida O‘zbekiston Rossiyaga faqat 25 mln dollar to‘lashi kerakligi belgilangan.

Qayd etish kerakki, bu o‘zaro haqdorlikdan voz kechilishi Rossiyaning O‘zbekistonga qurol-yarog‘ sotishiga imkon beradi. Chunki, Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, qarzdor mamlakatga qurol sotish mumkin emas.

Top