11:55 / 06.04.2016
1379

Rossiya TIV vakili: IShID Afg‘onistonda hal qiluvchi harakatlar uchun kuch to‘plamoqda

Rossiya prezidentining Afg‘oniston masalasi bo‘yicha maxsus vakili, Rossiya TIVning Osiya bo‘yicha ikkinchi departamenti direktori Zamir Kabulovning aytishicha, IShID tashkiloti Afg‘onistonni "keyingi ekspansiyalari uchun platsdarm" sifatida tanlagan.

"Ular (IShID jangarilari) Afg‘onistonda. Shunchaki, ular o‘zlarini sezdirmasdan panada hal qiluvchi harakatlarga tayyorlanishmoqda. Ularda Afg‘onistondagi tolibonlarga qaragandan kamroq kuch, lekin ular ma'lum hududlarda o‘z ta'sirini o‘rnatgan. Lekin bu hududdagi guruhlar o‘z kuchini Afg‘oniston hukumati va AQShga qarshi kurashlar uchun sarflashdan tiyilishmoqda. Ularga Afg‘oniston kerak emas, ular bu yerdan navbatdagi harakatlari uchun platsdarm sifatida foydalanishmoqda", deydi Kabulov "Izvestiya" nashriga bergan intervyusida.

U shuningdek, IShID toliblar bilan muzokaralar o‘tkazishga shoshilmayotgani, shu bilan birga jang qilmoqchi emasligini qayd etgan.

Afg‘onistondagi vaziyat keyingi vaqtlarda og‘irlashmoqda. "Tolibon" o‘z ta'sir doirasini kengaytirish uchun tog‘li hududlardan tekislikdagi shaharlar atrofiga yaqinlashgan. Shuningdek, mamlakat sharqida IShIDga aloqador guruhlar paydo bo‘lgan.

"Tolibon" va IShID ayni vaqtda dushman hisoblanadi. 2015 yilning yozida "Tolibon" harakati rahbari IShIDga Afg‘onistondagi ishlariga aralashmaslikka chaqirilgan maktubini yo‘llagandi. O‘tgan vaqt ichida ikki tomonning kichik guruhlari o‘rtasida bir necha marta to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi.

Top