22:26 / 07.04.2016
6177

“Do‘lana” qo‘shig‘i klipida suratga tushgan aktyorlar klip haqidagi e'tirozlarini bildirishdi

Marhum qo‘shiqchi Nuriddin Haydarovning o‘g‘li Hojiakbar Haydarov ijro etgan “Do‘lana” qo‘shig‘i keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik Hojiakbarni otasining qo‘shig‘ini buzganlikda aybladi. Ayniqsa unga ishlangan bachkana klip ham xonandaga kutilgan omadni olib kelmadi. Hatto, unda suratga tushgan O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyorlari ham o‘zlariga yarashmagan xatti-harakatlar qilganliklari uchun tanqidga uchrashdi.

“Tasvir” gazetasi Hojiakbar Haydarovning “Do‘lana” klipida suratga tushgan aktyorlar Erkin Komilov, Tesha Mo‘minov va Hamid Toshpo‘latov bilan bog‘lanib, ularning mazkur klip haqidagi fikri bilan qiziqdi.

Erkin Komilov:
—Xalqimizning sevimli xonandasi, O‘zbekiston xalq artisti Nuriddin Haydarov oramizdan erta ketdi, oxirati obod bo‘lsin. San'atda o‘z o‘rni bor, o‘z muxlislarini topgan qo‘shiqchi edi. Nuriddinga hurmatim baland edi, yaqin edik. Menga so‘zlari hammamizga yod bo‘lib ketgan “Do‘lana” qo‘shig‘ini o‘g‘li kuylayotganini aytib, “Klipida qatnashib bersangiz” deb iltimos qilishdi. “Yo‘q” deyolmadim. O‘g‘lining: “Dadam sizni yaxshi ko‘rardi...” degan gapidan keyin marhum qadrdonimning xotirasi uchun klipda suratga tushishga rozi bo‘ldim. S'yomkaga borganimizdan keyin noto‘g‘ri qilganimni tushunib, afsuslandim. Ko‘ngli bo‘shlik qilganim uchun o‘zimdan xafa bo‘ldim. Menga qo‘shiqning talqini yoqmadi, o‘zbekona ashula chiqmabdi. Bunaqa vaziyatda nima qilardi odam? Suratga tushishdan qaytayotib, rejissyorga “Biz tushgan joylarni qirqib tashlang...” deb qayta-qayta tayinlab ketdim.

Tesha Mo‘minov:
—Klipda nima ko‘rsatilishi, mazmunidan bexabar bordim. Borgandan keyin ancha odam to‘plangani, tayyorgarlik ko‘rilgani, bunga qancha vaqt sarflanganini ko‘rib, tashlab ketish ham noqulay bo‘ldi. Klipda suratga tushish uchun “Yosh san'atkorga ruhiy madad bo‘lar” degan ma'noda borgandim. Biz otasining o‘rnini bossin, degan yaxshi niyatda yordam bermoqchi bo‘ldik. Bunaqa yengil-yelpi narsa olishi xayolimizga ham kelmabdi. Tushunganimizdan keyin esa kech bo‘ldi...

Hamid Toshpo‘latov:
—Klipda suratga tushish uchun uch-to‘rt odam o‘rtaga tushib, qilgan iltimoslariga “yo‘q” deya olmadim. Klip jarayoni haqida bilgandan keyin ustoz san'atkorlarning oldida tashlab chiqish ketish ham noqulay bo‘ldi. Ammo men aktyorman va hech qanday uyat ish qilganim yo‘q. O‘z vazifamni bajardim.

Top