Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Abdulaziz Komilov 8 aprel kuni Moskvada MDH TIVK yig‘ilishida ishtirok etadi
O‘zbekiston TIV rahbari 8 aprel kuni MDH davlatlari tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Moskva shahriga boradi.
"2016 yilning 8 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari Kengashining Moskva shahridagi navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etadi", deyiladi O‘zbekiston TIV sayti xabarida.
MDH Ijro qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, yig‘ilish kun tartibidan turli sohalarda Hamdo‘stlik mamlakatlarining o‘zaro hamkorligi masalalari o‘rin olgan.
Jumladan, MDHga a'zo mamlakatlar qurolli kuchlari manfaatlari uchun geomintaqaviy axborotlarni almashish sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasida — «MDHga a'zo mamlakatlar aholisining salomatligi» Strategiyasi, 2016-2020 yillarda qandli diabet profilaktikasi va uni davolash bo‘yicha hamkorlik dasturi hamda Saraton kasalliklariga qarshi kurashish jabhasida hamkorlik dasturi loyihalarini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.
Vazirlar jinoiy ishlarni sudda ko‘rib chiqishda qatnashchilarning himoya qilinishi, harbiy metrologiya va qurolli kuchlarning metrologik ta'minoti, qurolli kuchlar uchun minasizlantirish sohasida mutaxassislarni tayyorlash, yoshlar bilan ishlash hamda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni tadqiq qilish bo‘yicha MDHga a'zo mamlakatlarning bazaviy tashkilotini yaratishga taalluqli savollarni ko‘rib chiqishadi.
Bundan tashqari, MDH mamlakatlarining ART EXPO xalqaro ko‘rgazmasini tashkil etish hamda «Hamdo‘stlikning madaniyat poytaxtlari» davlatlararo dasturini amalga oshirishni ko‘zda tutgan hujjatlar ham muhokama qilinadi.