11:23 / 07.04.2016
1707

Duma spikeri Rossiyaning Ukrainaga qarshi ehtimoliy urushi necha kun davom etishi mumkinligi haqida gapirdi

Davlat dumasi spikeri Sergey Narishkinning bayonot berishicha, agar Rossiya Ukraina harbiy qudratiga teng bo‘lgan bironta davlat bilan jangovar harakatlarga kirishgudek bo‘lsa, urush ko‘pi bilan 4 kunga cho‘zilishi mumkin.

Narishkin, Rossiya-Germaniya seminari qatnashchilari bilan Davlat dumasida o‘tkazgan uchrashuvida, siyosatchi Aleksandr Rarning so‘zlarini izohlar ekan, shunday fikrni ilgari surgan.

"Aleksandr, siz haqiqiy siyosatchi sifatida, ukrain rahbariyatining Ukraina Rossiya bilan urushmoqda, degan iddaolariga ishonmaysiz deb o‘ylayman. Shunday bo‘lsada, mabodo, qandaydir sabablarga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga o‘xshash bironta davlat bilan harbiy ziddiyatga borgudek bo‘lsa yoki uning agressiyasiga qarshi choralar ko‘rishiga to‘g‘ri kelsa, bu yerda o‘tirganlarning barchasi urush necha kunga cho‘zilishi borasida yakdil fikrda desam yanglishmasam kerak. Ikki, uch, ko‘pi bilan to‘rt kun. Urush kimning foydasiga hal bo‘lishini ham bu yerdagilar yaxshi tushunib turishibdi", —deb qayd etgan Narishkin.

"Donbassdagi voqealar esa ikki yildan beri davom etmoqda. Shunga ko‘ra, Kiyev kim bilan urushayotganini o‘zingiz bilib olavering", — deya qo‘shimcha qilgan Rossiya Davlat dumasi raisi.

Uning ta'kidlashicha, Rossiya, Germaniya singari Minsk kelishuvlari bajarilishida xalqaro vositachi yoki kafolatchi hisoblanadi.

"Germaniyaning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga raisligini e'tiborga oladigan bo‘lsak, Berlinning xalqaro maydondagi mas'uliyati yanada jiddiyroq", -deb qayd etgan Narishkin.

Top