16:18 / 07.04.2016
3160

«Lester»ning jasorati: Raneri xotirasida mavsumning birinchi kunlaridan bugungacha

«Lester» jamoasi bosh murabbiy Klaudio Raneri o‘z kolonkasida jamoadagi faoliyati borasidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Men bu yerga ilk marta kelganimda jamoa prezidenti bilan uchrashgan kunimni eslayman. U menga shunday degandi: «Klaudio, bu jamoa uchun o‘ta muhim mavsum. Biz turnirni tark etmasligimiz kerak». Men javob bergandim: «Okey, albatta. Biz mashg‘ulotlar o‘tkazamiz va o‘yinlarda vazifani bajarishga harakat qilamiz».

Shundan so‘ng, APLda qolishimizni ta'minlaydigan 40 ochko to‘plashni oldimizga asosiy maqsad qilib oldik. Men o‘shanda 4 aprel kuni gazeta varaqlab o‘tirib, «Lester» hisobida 69 ochko bo‘lishiniyu, jamoa turnir jadvalida peshqadamlik qilayotganini ko‘rishimni tasavvur eta olmasdim. O‘tgan yili shu kunda «Lester» turnir jadvalining oxirgi o‘rnida edi. Bunga ishonish qiyin.

Bizning jamoamizda juda kuchsiz deb qaralgan va grand jamoalar ko‘rigidan o‘ta olmagan futbolchilar yig‘ilgandi: Ngolo Kante, Jyeymi Vardi, Denni Drinkuoter, Ues Morgan, Riyod Mahrez. Qachonki, birinchi mashg‘ulotni o‘tkazar ekanman, men darhol ularning aslida qay darajadagi futbolchilar ekanini payqadim.

Masalan, Kanteni olaylik. U mashg‘ulotlarda dahshatli darajada ko‘p yugurardi. Men unga aytardim: «Ey, Ngolo, endi sekinroq yuguraqolsang bo‘lardi». U shunda derdi: «Okey, murabbiy».

Siz nima deb o‘ylaysiz? Men ortga o‘girilishim bilan u yana avvalgi tezlikda harakatlana boshlardi.

Yoki Jyeymi Vardi. U shunchaki futbolchi emas. U baquvvat otga o‘xshaydi. Men unga aytardim: «Sen hujumda istalgan ishni qilishing mumkin, lekin sen himoyaga ham yordam berishing kerak. Agar raqibga bosim uyushtirishni boshlab bersang, o‘rtoqlaring senga ergashishadi.

Birinchi o‘yin arafasida men bolalarni yig‘dim va ularga aytdim: «Men istaymanki, siz o‘z jamoadoshlaringiz uchun o‘yinni yutishingiz kerak. Biz kichikkina klubmiz, shuning uchun biz jon-dilimiz bilan o‘ynashimiz kerak. Menga qarshimizdan kim chiqishi ahamiyatga ega emas. Men istaymanki, sizlar qarshingizdan chiqqanning barchasini yengishingizni va o‘zingizning ulardan yaxshiroq ekanligingizni isbotlashingizni. Agar ular sizdan yaxshiroq bo‘lsa, ularni tabriklash kerak. Lekin siz raqiblaringizni tabriklashga majbur bo‘lmasligingiz, ularga yaxshiroq ekanligingizni isbotlashingiz kerak.

«Lester»da birinchi kundanoq fantastik muhit yuzaga keldi. Bu jamoa prezidentidan tortib barcha xodimlar, futbolchilar va barcha muxlislarga tegishli. Muxlislar faqat to‘p bizdaligida qo‘shiq aytishadi deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, yo‘q. Biz bosim ostida qolayotganimizda muxlislar bizning ahvolimizni his etishadi va bizni yanada qattiqroq qo‘llab-quvvatlay boshlashadi. Ular o‘yinni zo‘r tushunishadi. Ular biz bilan hamisha qalban birga.

Biz mavsumni juda yaxshi boshladik. Lekin yana bir qaytaraman, avvaliga maqsadimiz ligada jon saqlab qolish uchun kurashish edi. Biz g‘alabalar qilardik, ammo juda ko‘p gollar o‘tkazib yuborayotgan ham edik. Men g‘alaba qozonish uchun 2-3ta gol urishimiz kerakligi qiynay boshladi. Shunda men har o‘yin oldidan yigitlardan gol o‘tkazmaslikni tayinlay boshladim. Lekin, hadeganda buning iloji bo‘lavermadi. Shunda ularda qanday motivatsiya uyg‘otganimni bilasiz-a?!

«Kristal Pelas»ga qarshi o‘yin avvalida men ularga dedim: «Kelinglar, bolalar, biz bugun nolga o‘ynaymiz. Agar sizlar darvozamiz daxlsiz qolishini ta'minlasangizlar, men sizlarga pitssa olib beraman».

Va bilasizki, o‘shanda birinchi marta gol o‘tkazmadik. Biru-nolga yutdik. Men ularni oshxonaga olib bordim va ularga yana shunday o‘yin o‘tkazsak men ularni yana shu yerga olib kelishga va'da berdim. Bu ular uchun haqiqiy syurpriz edi. Shundan buyon bizda ko‘p marta "quruq o‘yinlar" bo‘ldi va har safar biz pitssa uchun oshxonaga birgalikda bordik.

Yana 6ta o‘yin qoldi. Bizdan chin dildan o‘ynash talab qilinadigan 6ta o‘yin. Biz - katta dunyoga ruhiyat va qat'iyat bilan katta natijalarga erishish mumkinligini ko‘rsatib bergan kichik jamoamiz. 26 o‘yinchi. 26 turli ong. Lekin qalban yagonamiz.

Bir necha yilgina oldin futbolchilarim quyi ligalarda o‘ynashardi. Vardi zavodda ishlardi. Kante – Fransiyaning uchinchi divizionida. Mahrez – undan ham quyida. Hozir esa bu futbolchilar Angliya chempionligi uchun kurash olib borishmoqda. Men ko‘chalarda uchratadigan muxlislarning barchasi bizning chempion bo‘lishimizni orzu qilib kutishayotgani haqida aytishadi. Men ularga deyman: «Orzu qilishga haqqingiz bor, bizning esa orzu qilishga haqqimiz yo‘q. Biz ishlashimiz, bor kuchimiz, aqlimiz va qalbimizni qo‘shib ishlashimiz kerak».

Endi mavsum yakunida kimning qaysi o‘rinda bo‘lishi unchalik ahamiyatli emas. Bizning tariximiz butun dunyodagi futbol muxlislari qalbiga o‘rnashib bo‘ldi. Bizning ishimiz butun dunyodagi yosh futbolchilarga umid baxsh etishiga aminman. Agar ularga yetarli darajada kuchli emasligi haqida aytishsa, ular o‘zlariga-o‘zlari deyishi mumkin: «Agar uddalagan bo‘lishsa, nega biz uddalay olmasligimiz kerak?»

G‘alaba qozonish uchun nima kerak? Katta mablag‘lar va shartnomalarmi? Yo‘q. Katta nomlarmi? Yo‘q. Aql bilan, yurak qo‘ri bilan ishlash, harakat qilish va jasorat ko‘rsatish kerak. Kim biladi, balki mavsum yakunigacha biz yana 2 marta o‘sha oshxonaga pitssa yeyish uchun birgalikda borarmiz», – deya yozadi Raneri The Players’ Tribune nashridagi kolonkasida.

Top