Toshkentda yangi tug‘ilgan qizchasini 10 ming dollarga sotayotgan farg‘onalik ayol qo‘lga olindi
Orzugul Ahmadaliyeva (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2015 yilning iyun oyida Farg‘ona viloyatidan oila a'zolariga bildirmay, yashirin tarzda Toshkentga kelib, o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan Zamira Xodjayevaning xonadoniga joylashadi va unga homilador bo‘lib qolganini aytadi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.
Ma'lum bo‘lishicha, O.Ahmadaliyeva oila a'zolariga bildirmay, bir erkak bilan shar'iy nikohdan o‘tib yashab yuradi. Uning homiladorligini bilgan erkak orani ochiq qilib ketadi. Orzugul farzandi tug‘ilganiga qadar uning uyida vaqtincha yashab turishga ruxsat berishini so‘raydi. Zamiraning unga rahmi kelib, noiloj rozi bo‘ladi.
Avgust oyida Zamiraning xonadoniga tanishi Zuhra Malikova mehmonga keladi va O.Ahmadaliyeva bilan suhbatlashib qoladi. Orzugul mehmonga tug‘ilajak farzandini yaxshi oilaga farzandlikka berishi mumkinligini aytadi.
Oktyabr oyida Z.Xodjayeva Orzugulning to‘lg‘og‘i boshlangani sababli uni 2-sonli Tibbiyot Akademiyasining tug‘ruqxonasiga olib boradi. O.Ahmadaliyeva farzandi tug‘ilgani zahoti o‘zining g‘arazli niyatini amalga oshirmoqchi bo‘ladi. Ya'ni, 10 ming AQSh dollari evaziga bolasini sotib yuborishni rejalashtiradi.
Orzugul tug‘urqxonadan chiqib, jinoiy rejasini amalga oshirish maqsadida tug‘ilgan qiz farzandini sotib yuborish uchun Yunusobod tumanida Zuhra Malikova bilan uchrashadi. Bemehr ona qizalog‘ini Zuhraga 10 ming AQSh dollariga sotadi. U Z.Malikovaga nisbatan hech qanday da'vosi yo‘qligi haqda tilxat yozib berayotgan paytda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlanadi.
Mazkur holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, O.Ahmadaliyevaga jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining hukmiga asosan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.