Ayollarni laqillatgan “dami o‘tkir folbin”ning o‘yini fosh bo‘ldi
Nazira (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) qizchasi bilan eridan ajrashib ketganidan keyin tushkunlikka tushib qoldi. Yaxshiyam sevimli kasbi bor, u tuman xalq bo‘limida ishlaydi. Bir kuni dugonasi Madina bilan “ishlarini jo‘nashtirib yuborish” uchun folbinning eshigini taqillatdi. Bu haqda “Darakchi” nashri yozmoqda.
Ular Gavhar ismli folbinning uyiga kirishdi. Ayol oldida turgan eski kitobni ochib, o‘qiy boshladi. Shundan keyin Nazira Gavharning oldiga serqatnov bo‘lib qoldi.
“Gavhar opa, yaxshi niyatlar bilan uy, mashina olaman deb 20 ming AQSh dollari yiqqandim. Orzuim qachon amalga oshar ekan a?”, deydi u bir kuni folbinga.
Gavhar unga 1200 AQSh dollari olib kelishini, bu pullarga dam solib berishini aytadi. Uning bu gaplarini eshitgan Nazira tezda pulni olib kelib Gavharning qo‘liga topshiradi. Xullas, folbin Naziradan ketma-ket ravishda, jami 20 ming AQSh dollarini “dam solib beraman” deb olib qo‘yadi. Ammo qaytarib berish haqida o‘ylamaydi ham.
Oradan, kunlar, haftalar, oylar o‘tsa-da, Gavharning bahonalari tugamadi. Uning yolg‘onlaridan toqati-toq bo‘lgan Nazira oxiri yordam so‘rab ichki ishlar idorasiga murojaat qildi. O‘tkazilgan surishtiruvlar natijasida Gavhar yana dam solib, qaytaraman, deb fuqarolar — er-xotin H.larning 500 AQSh dollarini, Dilbar D.ning 7000 AQSh dollarini, Javhar U.ning 1000 AQSh dollarini Halima G.ning 3.100.000 so‘mlik tilla taqinchoqlarini olib, qaytarib bermaganligi aniqlandi.