Jahon | 09:00 / 08.04.2016
1192
2 daqiqa o‘qiladi

Maduro muxoliflardan iborat parlament vakolati muddatini 5 yildan 60 kungacha tushirish haqida o‘ylamoqda

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro mamlakat parlamenti vakolati muddatini kamaytirish ehtimoli haqida ma'lum qildi. Bu haqda Reyter agentligi xabar tarqatgan.

Qayd etish kerakki, parlamentning yangi tarkibi asosan muxoliflardan iborat va ular allaqachon Maduroning iste'fosi bo‘yicha referendum o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishgan.

Venesueladagi mahbuslarni ozodlikka chiqarish haqidagi qonun loyihasiga qarshi o‘tkazilgan namoyish vaqtida faollardan biri, yurist Ermann Eskarra prezidentga parlament vakolati muddatini 5 yildan 60 kungacha qisqartirishni taklif etgan.

"Agar men bu vosita davlat to‘ntarilishidan saqlab qoladigan bo‘lsa va xalq meni qo‘llab-quvvatlasa, men undan foydalanaman", degan prezident.

U bu variantni jiddiy o‘ylab ko‘rayotgani haqida aytgan.

Venesuelada hukumatning qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi tarmoqlari o‘rtasidagi nizolar yanvarda — parlamentda saylov yakunlariga ko‘ra, ko‘pchilik o‘rnini muxolifat kuchlari egallaganidan so‘ng yuzaga kelgan edi.

Parlament 10 mart kuni prezident Nikolas Maduroning iste'fosi bo‘yicha referendum o‘tkazish haqidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishdayoq ma'qullagandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish