21:16 / 08.04.2016
1555

Moskva viloyatida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolaridan iborat giyohvandfurushlar guruhi ushlandi

Moskva viloyatining Noginsk narkopolitsiyasi O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolaridan 21 kg geroin musodara qildi, deb ma'lum qildi Moskva viloyatining Narkotiklar aylanmasini nazorat qilish federal xizmati.

"O‘zbekistonlik va tojikistonlik giyohvandfurushlarning xalqaro guruhi faoliyatini brigada pudrati deb atash mumkin. 4 nafar giyohvandfurush tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olindi. Ularning yonidan 1043 ta o‘ramga qadoqlangan 21 kg ga yaqin geroin musodara qilindi", deyilmoqda xabarda.

Noginskning ko‘p kvartirali uylaridan birida operatsiya davomida 1971 va 1983 yilda tug‘ilgan O‘zbekistonning ikki nafar fuqarosi ushlandi. Ulardan birining sumkasida umumiy og‘irligi 1 kg bo‘lgan 199 o‘ram geroin aniqlandi. So‘ngra tezkor xodimlar tomonidan ularning sherigi – 1969 yilda tug‘ilgan yana bir o‘zbekistonlik avtomobilida 4 kg geroin bilan ushlangan.

"Biroq eng katta o‘lja ertasi kuni qo‘lga tushirildi. Narkoguruhning yirik geroin partiyalarini yetkazib beruvchi 4-a'zosi yashaydigan manzil bo‘yicha tintuv o‘tkazilganda uyning chordog‘ida, pollar ostida, yordamchi binoda deyarli 17 kg geroin yashirilgan maxfiy joy aniqlangan" , deyildi xabarda.

Top