20:25 / 08.04.2016
1888

TIKA agentligi O‘zbekiston uchun Mercedes-Benz rusumidagi 10ta mobil klinika ajratdi

«Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA)dan mobil klinika vazifasini o‘tovchi 10 dona Mercedes-Benz avtomobilini qabul qilib oldi.

7 aprel kuni tashkil etilgan mashinalar taqdimotida O‘zbekistonda tashrif bilan bo‘lib turgan TIKA rahbari Serdar Cham ishtirok etdi.

Avtomobillar Samarqand, Sirdaryo, Xorazm, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Toshkent viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istondagi filiallarning tibbiy-ijtimoiy brigadalari uchun mo‘ljallangan.

Avvalroq esa TIKA «Sog‘lom avlod uchun»ga ikki dona Peugeot avtoambulansini taqdim etgan edi.

Qayd etish joizki, ayni paytda jamg‘arma qoshida KOFIH — Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi (doktor Li Jong Vuk xotirasi fondi) tomonidan taqdim etilgan 25 dona maxsus Hyundai mashinalari bazasidagi hududlararo harakatlanuvchi tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalari faoliyat ko‘rsatmoqda. 2013 yilda KOFIH jamg‘armaga Hyundai H1 avtoambulansini ham yetkazgan edi.

«Sog‘lom avlod uchun» jamg‘armasi 1993 yilning aprelida tashkil topgan. Uning faoliyati o‘sish yoshidagi avlodlar salomatligini ta'minlash, onalik va bololikni muhofaza qilish, bolalarning jismoniy, intellektual va odob-axloqli bo‘lib voyaga yetishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishdan iborat.

TIKA delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrifini boshladi

Top