12:49 / 08.04.2016
1753

WP: YeI "ofshor mojarosi" tufayli Panamaga sanksiyalar bilan tahdid qilmoqda

Yevropaning bojxona ittifoqi soliqqa tortish, iqtisodiy va moliyaviy masalalar bo‘yicha komissari Per Moskovisi, Panama kabi soliq hisobotlariga oid oshkoralikni kam ta'minlaydigan davlatlarga qarshi sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qilmoqda. Bu haqda The Washington Post gazetasida yozilgan.

Moskovisining ta'kidlashicha, pullarning noqonuniy o‘tkazilishi va soliqdan bosh tortish kabi jinoyatlarga qarshi to‘liq hamkorlik qilishni rad etgan mamlakatlarga nisbatan shunday keskin choralar ko‘riladi.

Nashrning qayd etishicha, Panama soliqqa oid masalalarda YeI bilan hamkorlik qilishdan bosh tortmoqda. Moskovisi o‘z navbatida Panama hukumati «ushbu masala bo‘yicha qarashini o‘zgaritirishiga» umid bildirgan. Biroq, zaruriy choralar ko‘rilmaydigan bo‘lsa, Bryussel Panamaga nisbatan sanksiyalar qo‘llashga majbur bo‘ladi, deb ogohlantirgan YeI mulozimi.

Bundan avval, yevrokomissar YeI yarim yil mobaynida soliqqa yumshoq siyosat yurituvchi davlatlarning "qora" ro‘yxatini tuzib chiqishi lozimligi, zarur bo‘lib qolsa, ularga nisbatan sanksiyalar ham qo‘llashga tayyor turish kerakligini aytgan edi.

Eslatib ztamiz, "ofshor mojarosi" (Panamageyt) 3 aprel kuni OCCRP, ICIJ va dunyoning yetakchi nashriyotlarining o‘nlab jurnalistlaridan iborat guruhi, davlat rahbarlari, siyosatchilar, sportchi va madaniyat arboblarining ofshor bitimlariga aloqasiga oid ma'lumotlarni oshkor qilgach avj ola boshladi.

O‘z faoliyati davomida 240 mingdan ortiq ofshor bitimlarini ro‘yxatdan o‘tkazgan Mossack Fonseca yuridik firmasining maxfiy ma'lumotlari oshkor etilishi ham cho‘g‘ ustiga yonilg‘i sepgandek bo‘ldi.

Top