22:07 / 09.04.2016
15572

O‘zbekistonda Amir Temur haqida 20 yil davomida yozilgan kitob chop etildi

O‘zbekistonda buyuk sarkarda va davlat arbobi sohibqiron Amir Temur tavalludining 680 yilligi munosabati bilan “Amir Temur g‘arb adiblari nigohida” deb nomlangan noyob kitob chop etildi, deb xabar bermoqda Sputnik nashri muxbiri.

O‘zbek tilida yozilgan kitob “Davr Press” nashriyot-matbaa ijodiy uyida 1000 nusxada chop etildi. Unda Yevropaning o‘tgan va hozirgi kunlardagi yozuvchilari va adiblarining buyuk sohibqiron haqidagi fikr-mulohazalari to‘plangan. Kitobda Kristofer Marlo, Volfgang Gyote, Edgar Po, Xorxe Borxes, Ivan Bunin, Lyusen Keren kabi atoqli xorijiy adiblarning Amir Temur haqidagi so‘zlari keltirilgan.

Mulohazalar mualliflari Amir Temurning ko‘p qirrali shaxsini yoritganlar hamda uning davlat va millatlar hayotida tutgan tarixiy o‘rni haqida fikrlarini bildirganlar. Ulardan ba'zilari sohibqironning hayotidan avval keng jamoatchilikka noma'lum bo‘lgan qiziqarli voqea va dalillarni keltiradilar.

“Loyiha tashabbuskori, o‘zbekistonlik taniqli huquqshunos Akmal Saidovga bu kitobni tuzishiga 20 yil vaqt ketdi. Kitob tayyorlanishi vaqtida nodir manbalar va tarixiy hujjatlardan foydalanildi. Bu ishning yaratilishidagi barcha qiyinchilik bir nechta xorijiy tillardagi matnlarni to‘g‘ri tarjima qilib, ularning ma'nosini aslicha yetkazishdan iborat bo‘ldi. Shuning uchun kitobning tayyorlanishiga tarixchilardan tortib filolog va tilshunoslargacha tajribali mutaxassislar jalb qilindi. Shuningdek, oxirgi lahzada kitobga rus mumtoz yozuvchisi Buninning Amir Temurga bag‘ishlangan asarlari kiritildi”, deb aytdi “Davr Press” bosh muharriri Asror Mo‘minov.

Kitob mutaxassislar tomonidan katta qiziqish uyg‘otdi va uning adadini oshirish rejalashtirilmoqda.

Ma'lumot uchun, Akmal Saidov – O‘zbekiston davlat arbobi va huquqshunos olim, xalqaro huquq, davlat nazariyasi va huquqi, inson huquqlari sohalaridagi mutaxassis. Akmal Saidov, shuningdek, huquqshunoslik fanlari doktori, professor, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazi direktori, Oliy Majlis deputati, Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi.

Akmal Saidov o‘zbek va rus tili bilan bir qatorda ingliz va fransuz tillarini mukammal biladi. U O‘zbekistonning Fransiyadagi birinchi elchisi hamda O‘zbekistonning YuNeSKOdagi doimiy vakili bo‘lgan. 2007 yilda O‘zbekiston prezidenti lavozimiga mustaqil nomzod sifatida nomzodi qo‘yilgan.

Top