20:35 / 10.04.2016
6977

O‘zMUda “Ta'lim va fan – barqaror rivojlanish manfaatlari yo‘lida” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida 2016 yil 6-8 aprel kunlari “Ta'lim va fan – barqaror rivojlanish manfaatlari yo‘lida” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda YuNeSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Ekologik harakati, O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, mamlakatimizning barcha ilmiy va oliy ta'lim muassasalari, shuningdek, Belorus Respublikasi, Germaniya, Latviya, Litva, Polsha, Shvetsiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya kabi chet mamlakatlar olimlari va mutaxassilari ishtirok etdilar.

Ta'lim va fan jamiyat, iqtisodiyot va davlatni modernizatsiyalashda asosiy harakatlantiruvchi kuch hisoblanadi. Chunki, har qanday jamiyat yoki davlatning barqaror rivojlanishini ta'minlashda uning bilimdon fuqarolarining o‘rni juda muhimdir. XXI asr arafasida jahondagi qator mamlakatlar duch kelgan iqtisodiy va moliyaviy inqiroz holatidan chiqish yo‘llaridan biri ham barqaror taraqqiyot konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘ldi.

Ma'lumki, ta'lim va kadrlar tayyorlash tizimida barqaror taraqqiyot g‘oyalarini integratsiyalashga qaratilgan dastlabki harakatlar o‘tgan asrning 90-yillarida YuNeSKO tomonidan boshlangan. Xuddi shu yillardan boshlab dunyoning qator malakatlarida ta'lim jarayoniga “Ming yillik rivojlanish maqsadlari” dasturi kiritila boshlandi.

Ushbu dasturda jamoatchilikning asosiy diqqat-eʼtibori atrof-muhit muhofazasi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish muammolariga qaratildi. Bu muammolar insoniyatning kelajakdagi barqaror taraqiyoti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqligi ko‘rsatib berildi.

Dasturda insoniyat oldida ko‘ndalang bo‘lib turgan o‘ta murakkab va ayni paytda dolzarb muammolarni hal qila oladigan yosh mutaxassislarni tayyorlash zarurligiga alohida e'tibor qaratildi. Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda tabiat-jamiyat-iqtisodiyot tizimidagi muammolarni hal qilishda har tomonlama bilimli, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlar rivojlanishini tabiiy muhit muvozanatini buzmay boshqara oladigan mutaxassislarga ehtiyoj juda katta ekanligini izohlashga hojat yo‘q.

Suv manbalari mamlakatimiz va butun Markaziy Osiyo mintaqasi rivojlanishi uchun muhim strategik ahamiyatga ega. Yevropa Ittifoqining TeMPUS dasturi doirasida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida bajarilayotgan “UZWATER” loyihasi kelajakda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishni amalga oshiradigan yosh mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan. Mazkur loyiha mamlakatimizdagi (Qoraqalpoq Davlat universiteti, TIMI, TDTU, SamAQI, BuxDU va boshqalar) hamda chet davlatlardagi (Germaniya, Latviya, Litva, Polsha, Shvetsiya va boshqalar) oliy o‘quv yurtlari olimlari va mutaxassislari hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Loyihaning asosiy maqsadi magistratura bosqichi uchun tabiatdan oqilona foydalanish va barqaror taraqqiyotni ta'minlashga oid barcha masalalarni o‘z ichiga oladigan yangi o‘quv dasturlari va materiallarini yaratishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining o‘rinbosari Botir Usmanov anjumanni ochilish marosimida ta'kidlaganidek, ekologiya, atrof-muhit muhofazasi, yer-suv va energetika resurslaridan foydalanish sohalarida faoliyat olib boradigan magistrlar tayyorlash dasturlarini jahon standarlariga moslashtirish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Bu mamlakatimizda magistratura ta'limi tizimini yanada takomillashtirishda o‘ziga xos hissa bo‘lib qo‘shiladi.

Ilmiy anjuman ochilishining yalpi majlisida O‘zbekiston Ekologik harakati ijroya qo‘mitasi raisi, Oliy Majlis spikeri o‘rinbosari Boriy Alixonov respublikamizda tabiatni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha erishilgan natijalar to‘g‘risida atroflicha ma'lumot berdi. Uning ta'kidlashicha, turli korxonalar faoliyati ta'sirida atrof-muhitga keltirilgan zararning salbiy oqibatlari bilan kurashishdan ko‘ra, uni keltirib chiqaradigan sabablarning oldini olish ham ma'naviy, ham iqtisodiy jihatdan juda muhimdir. Chunki, atrof-muhit muhofazasi borasida yuzaga kelgan salbiy oqibatlar bilan kurashadiganlar, vaqt nuqtai-nazaridan doim orqada qoladilar. Natijada, qulay fursatni boy beradilar. Masalan, korxonaning chiqindi va oqova suvlarini shu yerning o‘zida tozalash, ularning tabiiy suv havzalariga oqizilishi natijasida ifloslangan millionlab metr kub hajmdagi suvni tozalashdan ko‘ra ancha arzonga tushadi. O‘zbekiston hozirgi kunda atrof muhit va tabiiy resurslar muhofazasini tashkil etishda xuddi mana shu yo‘ldan bormoqda.

Anjuman ishida Shvetsiyaning Upsala universiteti professori, UZWATER loyihasining koordinatori Lars Riden o‘z ma'ruzasida “Ta'lim – barqaror taraqqiyot manfaatlari yo‘lida” tamoyiliga amal qilgan holda, bu borada ta'lim sohasi mutaxassislariga tavsiyalar taqdim etdi.

Varshavaning (Polsha) “Hayot haqidagi fanlar” universiteti professori Jozef Mosesh esa suv resurslarini barqaror boshqarish indikatorlari masalalari ustida to‘xtalib, kelajakda magistrlar tayyorlashda o‘qitilishi ko‘zda tutilayotgan fanlar dasturlarini tuzishda ulardan foydalanish bo‘yicha ilmiy-uslubiy tavsiyalar berdi.

Germaniyaning Branderburgdagi Texnologiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirishni qo‘llab quvvatlash intstituti professori Edgar Kloze “Tabiat rivojlanishi – jamiyatning barqaror taraqqiyoti uchun namuna va andoza” deb nomlangan ma'ruzasida tabiat va jamiyat taraqqiyotidagi rivojlanishlarning o‘ziga xosligi haqidagi fikrlarini bayon etdi. Uning fikricha, hozirgi kunda tabiat rivojlanishi bilan jamiyat rivojlanishi o‘rtasida nomutanosiblik mavjud. Ushbu nomutanosibliklar tabiiy, jumladan, yer, suv, o‘rmon, energiya va boshqa resurslardan foydalanishda yaqqol aks etadi. Ma'ruzada dunyo bo‘yicha sug‘oriladigan yerlar degradatsiyasi, suv manbalarida kuzatilayotgan salbiy miqdoriy va sifat o‘zgarishlari, o‘rmonlar egallagan maydonlarning keskin kamayib borayotganligi va boshqa jaryonlar haqida aniq raqamlarni qayd etib o‘tdi. Ushbu salbiy holatlarni chuqur ilmiy va nazariy tahlil qilib, magistraturada o‘qitiladigan fanlar dasturlarida hisobga olish lozimligini alohida ta'kidladi.

Ayni paytda ma'ruzachi yuqorida bayon etilgan, ya'ni tabiatda ruy berayotgan salbiy o‘zgarishlarni hozirgi kunda dunyo miqyosida kechayotgan notinchliklar bilan bog‘liq holda izohladi. Anjuman ishtirokchilari diqqatini Yevropa (Fransiya va Belgiyadagi voqealar), Afrikadagi davlatlar (Liviya, Misr), Yaqin Sharq (Iroq, Suriya)da bo‘lib o‘tgan dahshatli voqealar yoki Tog‘li Qorabog‘da hozirgi kunda ro‘y berayotgan notinchliklarga qaratdi. Shular haqida gapira turib, professor Edgar Kloze mamlakatimizda tinchlik va barqarorlik hukm surayotganligiga va o‘zining O‘zbekistonga havasi kelayotganligini ochiq-oydin bayon etdi va ma'ruzasini quyidagi so‘zlar bilan yakunladi: “Anjuman qatnashchilaridan biri, adashmasam, Polshalik hamkasbim Josef Mosesh, o‘z ma'ruzasida “Yoshlar bizdan nimani kutmoqda?” degan savolni o‘rtaga qo‘ydi va o‘zi unga javob ham berib o‘tdi. Men ushbu savolga “Yoshlar bizdan birgina narsa, u ham bo‘lsa, tinchlikni, barqarorlikni kutadi”, deb javob bergan bulur edim. Shundagina ta'lim tizimi va fan rivojlanadi, jamiyat barqaror taraqqiy etadi”.

Anjuman ishida mamlakatimizdagi oliy ta'lim muassasalari, ilmiy tadqiqot institutlarining yosh olimlari va mutaxassislari ham faol ishtirok etdilar. Ular yaqindagina magistratura bosqichini tugallagan yosh mutaxassislar sifatida ushbu tizimni yanada takomillashtirish va jahon andozalariga moslashtirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bayon etdilar.

O‘z-o‘zidan ravshanki, anjuman qarorlarida keltirilgan, mamlakatimizda magistratura ta'limini yanada rivojlantirishga oid fikr-mulohazalar va tavsiyalarni kelajakda amaliyotga joriy qilish mamlakatimizning barqaror rivojlanishini ta'minlaydigan kompleks bilimli va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash imkonini beradi. Yuqoridagilarga xulosa qilib aytganda, anjuman jarayonida erishilgan natijalar mamlakatimiz oliy ta'lim tizimida o‘quv jarayonini jahon standartlari darajasida tashkil etish tajribalari amalga oshirilayotgan hozirgi kunda yanada muhim ahamiyat kasb etadi.

Fazliddin Hikmatov,

O‘zMU Quruqlik gidrologiyasi kafedrasi professori,

geografiya fanlari doktori,

Baxtiyor Adenbayev,

kafedra mudiri, geografiya fanlari nomzodi, dotsent,

G‘olib Yunusov,

kafedra dotsenti, geografiya fanlari nomzodi.

Top