18:37 / 11.04.2016
1339

OAV: Qaroqchilar Nigeriya sohillarida turkiyalik olti dengizchini o‘g‘irlab ketishdi

Nigeriya sohillarida qaroqchilik bilan shug‘ullanuvchi jinoyatchilar "M/T Puli" tankeri ekipaji a'zolaridan 6 kishini o‘g‘irlashgan. Bu haqda Turkiyaning NTV telekanali xabar qildi.

Kema tegishli bo‘lgan "Kaptanoglu Denizjilik" kompaniyasi ma'lumotlariga ko‘ra, hozircha turklarning qayerdaligi aniq emas. Ammo xabarlarda ularning jabrlanmagani ta'kidlangan. Tanker ekipajning qolgan a'zolari bilan yaqin oradagi portga olib kelingan. O‘g‘irlanganlar orasida kema kapitani ham bor. Ayrim manbalarda kompaniya vakillari qaroqchilar bilan muzokaralar olib borayotgani aytilgan.

2009 yili ekipaj a'zolarini o‘g‘irlash va turk kemasini egallashga oid ikkita hodisa ro‘y bergan edi. Qaroqchilar Adan ko‘rfazi hududida turk tankerlarini egallab olishgan, keyinroq qo‘yib yuborishgan edi.

Top