O‘zbekiston | 23:02 / 11.04.2016
2028
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston tranzit tariflarini kelishib oldi

O‘zbekiston va Qozog‘iston yuk tashish hajmini oshirish maqsadida moslashuvchan tarif siyosatini davom ettirish haqida kelishib oldi. Bu haqda «Qazaqstan temir joli» MK matbuot xizmati xabar tarqatgan.

2016 yil 8 aprel kuni «Qazaqstan temir joli» MK AJ kompaniyasi prezidenti Asqar Mamin boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga ishchi tashrif bilan kelgan.

Ishchi tashrif davomida delegatsiya rahbari Asqar Mamin O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Botir Zokirov, Tashqi iqtisodiy aloqalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev va «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruv raisi Ochilboy Ramatov bilan tegishli masalalarni, xususan transport va logistika sohasidagi hamkorlikni yanada o‘stirish masalalarini muhokama qilgan.

Tomonlar Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida yilning birinchi choragida temir yo‘l orqali yuk tashish hajmi ortganini e'tirof etishgan.

"Yuk tashish hajmini oshirish maqsadida moslashuvchan tarif siyosatini yurgizishga kelishildi. Shuningdek, don, un, boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, paxta tolasi, mineral o‘g‘itlar, rangli metallar va boshqa yuklarni tashish uchun tranzit tariflar bo‘yicha chegirmalar taqdim etish ehtimolini ko‘rib chiqildi", deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Qayd etilishicha, tomonlar ikki mamlakat korxonalari ishlab chiqargan temir yo‘l transportiga mo‘ljallangan mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettiradi.

Yakunda O‘zbekistonga temir yo‘l orqali Qozog‘iston ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha tegishli Bayonnoma imzolandi.