07:02 / 12.04.2016
1400

Braziliya parlament komissiyasi prezident Russeffning impichmenti uchun ovoz berdi

Braziliya parlament komissiyasi prezident Dilma Russeffning impichmenti uchun ovoz berdi. Mamlakat rahbarining o‘z lavozimidan chetlatilishini komissiyaning 65 a'zosidan 38 nafari qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar bermoqda.

Qonun bo‘yicha, komissiya qarori parlamentning quyi palatasi yig‘ilishiga kiritiladi. Bu masala bo‘yicha ovoz berish 17 aprelda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Prezidentni o‘z lavozimidan chetlatish uchun deputatlarning uchdan ikki qismi, ya'ni 342 deputat ovoz berishi kerak. Agar quyi palatada impichment tarafdorlari kamchilikni tashkil qilsa, unda jarayon to‘xtatiladi, aks holda impichment bo‘yicha yakuniy qarorni parlamentning yuqori palatasi – senat qabul qiladi.

Agar Russeff o‘z lavozimidan chetlatilsa, uning o‘rnini 2018 yildagi saylovlargacha vitse-prezident Mishel Temer egallashi kerak edi. Biroq Temer ham chetlatilish xavfi ostida turibdi. Braziliya Federal oliy sudi vakili Marku Aureliu Mellu 5 aprelda Temerga nisbatan impichment jarayonini boshlash qarorini chiqargan.

Agar impichment mamlakatning ikkala birinchi shaxsiga nisbatan e'lon qilinsa, unda hokimiyat quyi palata raisi Eduard Kunyaga o‘tadi. Aynan Kunya Russeffning lavozimidan chetlatilishining eng faol tarafdorlaridan biri hisoblanadi.

Top