Jahon | 08:59 / 12.04.2016
1781
1 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an nemis komik aktyorini sudga berdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an germaniyalik komik aktyor Yan Bemermanni sudga berdi. Bunga komikning Germaniyadagi televideniyelardan biri efiri orqali Erdo‘g‘anni haqoratlovchi she'r o‘qigani bo‘lgan. Bu haqda nemis prokuraturasiga asoslangan holda Reyter agentligi xabar tarqatgan.

Maynts prokuraturasi xabariga ko‘ra, Erdo‘g‘an ZDF kanalining Neo Magazin Royale nomli shousidagi chiqish yuzasidan sud shikoyat bilan murojaat qilgan.

O‘z shousida aktyor Turkiya yetakchisini kurdlar va xristianlarga zulm qilishda, shuningdek muxolif gazetalarni yopib tashlashda ayblaydi. Bundan tashqari, she'r matnida shaxsiy haqorat xarakteridagi so‘zlar ham borligi aytilgan.

Bundan oldinroq, Turkiya hukumati Germaniyadan ushbu she'r uchun jinoiy ish ochishni so‘ragani haqida xabar berilgandi.