17:30 / 12.04.2016
1967

Luka Modrich: «Volfsburg»ni yengish bizning burchimiz

«Real» jamoasi yarim himoyachisi Luka Modrich YeChL chorak finalida «Volfsburg»ga qarshi kechadigan javob bahsi (birinchi uchrashuvda 0:2 hisobi qayd etilgan) oldidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Jamoaning kiyim almashtirish xonasidagi muhit ajoyib. Bizda talantli futbolchilar yig‘ilgan. Bu o‘yin arafasida biz muxlislar qo‘llab-quvvatlashi ostida kambek amalga oshirishimiz mumkin. Ular biz bilan ekaniga ishonchimiz komil. Bu hozir biz o‘ylayotgan yagona narsa. O‘yin oson kechmaydi, axir birinchi o‘yin shuni ko‘rsatdiki, raqib yaxshigina kuchga ega. Lekin biz vaziyatni o‘zgartirib, yutuqni o‘z tomonimizga og‘dira olamiz. Biz maydonda o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishimiz kerak.

Xatolarga yo‘l qo‘ymasligimiz, birinchi daqiqadan boshlab shiddat bilan harakatlanishimiz kerak.

Muxlislarga xitob
Bizni birinchi daqiqadan boshlab o‘zlaringizning eng yaxshi usullaringiz bilan qo‘llab-quvvatlang. Biz ham o‘zimiz tomonidan g‘alaba uchun barcha ishni qilamiz. Albatta, barchasi yaxshi bo‘ladi.

Jamoaviy o‘yin haqida
Birga hujumga o‘tib, birga himoyalanishimiz kerak. O‘yin davomida o‘z kuchimizni teng taqsimlashimiz va sovuqqonlik bilan aniq harakatlar amalga oshirishimiz kerak. Bu omadning kafolatidir. Biz 5-10 daqiqa ichida barchasini hal qilishga intilib, shoshmasligimiz kerak. Bizda o‘yin davomida ko‘plab imkoniyatlar bo‘lishiga ishonaman.

Penaltilar seriyasi ehtimoli haqida
Biz penaltilar seriyasi haqida o‘ylamayapmiz. Barchasini asosiy vaqtda hal qilmoqchimiz. Lekin penaltilar seriyasida qatnashishga to‘g‘ri kelsa, bunga ham tayyormiz.

Keylor Navas va Kazemiro haqida
Keylor butun mavsum davomida yaxshi taassurot qoldirmoqda. Umid qilamanki, u mavsum oxiriga qadar yuqori saviyali o‘yinini namoyish qilishda davom etadi. Ertaga biz uning yordamiga umid qilamiz. Kazemiro ham mavsum boshidan buyon ishonchli o‘yin ko‘rsatmoqda va u shu ruhda davom etishi kerak. U jamoadagi barchaga o‘zining mehnatkashligi bilan o‘rnak bo‘lishi mumkin. U jamoaga ko‘p narsa beradi.

O‘zi haqida
Men bu o‘yin arafasidagi mas'uliyatimni yaxshi his qilib turibman. Mas'uliyatni butun jamoa his qilishi kerak. Jamoa bir butun bo‘lib harakat qilsa istalgan natijaga erishish mumkin. Bir futbolchi barchasini hal qila olmaydi.

"Santyago Bernabeu"dagi muvaffaqiyatli seriya haqida
O‘z uyimizda o‘zimizga ko‘proq ishonch bilan o‘ynaymiz. Biz Yevropadagi eng sovrindor jamoalardan birimiz va bu jamoa a'zosi bo‘lish bizni bor kuchimizni maydonga tashlashga undaydi. Biz finalga chiqishni istaymiz. Buning uchun, avvalo bu o‘yinda g‘alaba qozonishimiz kerak. Bu o‘yinda g‘alaba qozonish bizning burchimiz.

Birinchi o‘yin haqida
Biz birinchi o‘yinni ko‘rib, tahlil qilib chiqdik. Biz oldinga qarashimiz va o‘tgan o‘yindagi xatolarni takrorlamasligimiz kerak.

Top