10:37 / 12.04.2016
1503

«Nyukasl» futbolchisi Yanmat kiyim almashtirish xonasida qo‘lini devorga urishi tufayli jarohatlandi

«Nyukasl»ning hollandiyalik himoyachisi Daril Yanmat Angliya chempionatining 33 turida «Sauthempton»ga qarshi o‘tkazilgan va 1:3 hisobidagi mag‘lubiyat bilan yakunlangan o‘yin vaqtida jarohatlandi.

Safarda, «Sent Meri» stadionida o‘tkazilgan uchrashuvning birinchi taymi vaqtida Yanmat bel qismidan jarohat olgan va maydonni tark etishga majbur bo‘lgan. U kiyim almashtirish xonasiga qaytganida asabiylik tufayli qo‘lini devorga urgan va ikkinchi jarohatini orttirib olgan.

Sky Sports nashrining yozishicha, futbolchi «Nyukasl»ning birinchi taymdagi o‘yinidan keyin jamoadoshlaridan qattiq g‘azablangan va devorga qo‘lini urgan. Natijada uning ikki barmog‘i jarohatlangan.

Qayd etilishicha, uning bu jarohati «Suonsi»ga qarshi keyingi turda o‘tkaziladigan o‘yinda xalaqit qilmaydi.

Ayni vaqtda, «Nyukasl» 32 turdan keyin 25 ochko bilan 19 o‘rinda joylashgan. Bu jamoa «Sanderlend» (27 ochko) va «Norvich» (31 ochko) bilan birga ligada qolish uchun kurash olib bormoqda.

Top