Iqtisodiyot | 22:58 / 12.04.2016
2503
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Yaponiya 8 mlrd dollarlik qo‘shma loyihalar ustida ish olib bormoqda

O‘zbekiston va Yaponiya kompaniyalari umumiy qiymati 8 milliard dollarlik loyihalar ustida ish olib borishmoqda. Bu haqda Mitsubishi Corporation korporatsiyasining katta ijrochi vitse-prezidenti Xideto Nakaxaraga asoslanib, Sputnik agentligi xabar tarqatgan.

"O‘zbekiston va Yaponiya kompaniyalari umumiy qiymati 8 milliard dollardan oshadigan yangi investitsiya loyihalari ustida ish olib bormoqda”, — deydi Nakaxara Toshkent shahrida o‘tgan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha o‘zbek-yapon qo‘mitasi kengashida.

Qo‘mita kengashi davomida tomonlar Yaponiya kompaniyalarining O‘zbekistondagi neftegaz, kimyo va elektrotexnika, avtomobilsozlik, telekommunikatsiyalar sohalarida ishtiroki variantlarini ko‘rib chiqishdi.

"O‘zbekiston tomoni Yaponiya kompaniyalari bilan birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar hayotga tatbiq etilishi uchun har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, ular faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga tayyor”, — dagan qo‘mita hamraisi, O‘zbekiston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari, Moliya vaziri Rustam Azimov.

Ma'lumot uchun, Yaponiya O‘zbekistondagi eng yirik sarmoyadorlardan biri hisoblanadi. Yaponiya O‘zbekiston iqtisodiyatiga 2,3 milliard dollarga yaqin sarmoya kiritgan. Shundan 1,5 milliard dollarga yaqini imtiyozli kreditlar ko‘rinishida, yana 700 million dollardan ortig‘i tijoriy kreditlar sifatida.