22:14 / 13.04.2016
1817

Ichkilikka ruju qo‘ygan yaypanlik jinoyati uchun 22 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Yaypanlik Ikrom Xolxo‘jayev (ism-familiyalar o‘zgartirildi) qir yoshga kirguncha besh marotaba sudlangan. Yigirma uch yoshida olti yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Muruvvat ko‘rsatilib, amnistiya aktiga binoan ozodlikdan mahrum etish jazosining o‘talmagan qismi axloq tuzatish ishlari bilan almashtirilgan.

I. Xolxo‘jayev biron joyda yolchitib ishlamasdan yana ichkilikka ruju qo‘yadi. Ertalabdanoq spirtli ichimliklar iste'mol qilib, Yaypan shaharchasi markazida tentirab yurishi odat tusiga kiradi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

O‘tgan yil sakkizinchi sentabr kuni soat o‘n ikkilarda istirohat bog‘i biqinidagi somsaxonaga kayfi taroq holda kirib bordi. U yerda ukasi tengi G‘anijon Jo‘rayevni ko‘rib qoldi va u bilan ulfatvozlikni boshlab yubordi. Kayflari oshib tortishib qolishdi. Somsapaz ularni “bu yerda janjal qilmanglar, boshqalarga xalaqit qilyapsizlar”, deb somsaxonadan chiqarib yuboradi.

Boshqa oshxonaning egasi S.Ayubov quyidagicha guvohlik beradi: “Bir soatcha o‘tib ko‘chada to‘polon boshlandi. Derazadan qarasam, bitta yigit yerda cho‘zilib yotibdi. Ikromning qo‘lida qonyuqi pichoq, atrofini odamlar o‘ragan. Tashqariga yugurdim. Yonimizda qurilayotgan to‘yxonaning boshqaruvchisi qo‘lida stul bilan po‘pisa qilyapti. “Ikrom aka pichoqni tashlang”, deyapti. Men ham pichoqni tashla, dedim. Ikrom pichoqni otib yuborib, olomon ichidan chiqib ketayotganda uch-to‘rtta yigitlar ushlab, qo‘lini qayirishdi, qaytarib olib kelishdi”.

Yerda yotgan yigitni shifoxonaga olib borishadi, ammo u yo‘lda olamdan o‘tadi.
Sud muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun ozodlikdan mahrum etish, axloq tuzatish ishlari jazolarini o‘tab, tuzalish yo‘liga kirmagan, dardi bedavoga aylangan, takroran o‘ta og‘ir jinyaotga qo‘l urib, yosh yigitning hayotiga zomin bo‘lgan I.Xolxo‘jayevga 22 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.

Top