18:16 / 13.04.2016
11345

Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi 2 bosqichli o‘quv-seminari o‘tkazdi

Milliy g‘oya targ‘iboti va ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini yanada kuchaytirish, Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazining mintaqaviy-hududiy bo‘limlari ya'ni, 194ta tuman-shahar bo‘limi rahbarlari malakasini oshirish maqsadida Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi tomonidan 2 bosqichli respublika o‘quv-seminari tashkil etildi.

O‘quv-seminarning 1-bosqichi joriy yilning 28 martidan 1 aprel kunigacha bo‘lib o‘tgan. O‘quv seminar Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi huzuridagi “Ma'naviyat targibotchisi” o‘quv markazida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida inson shaxsini yuksaltirish, odamlarning dunyoqarashini, ma'naviy dunyosini boyitish borasida mamlakat prezidenti tomonidan ulkan tashkilotchilik va bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ta'lim tizimi, jamiyatning ma'naviy-madaniy hayoti tubdan isloh qilindi. Ajdodlarning bebaho ma'naviy xazinasi yana xalq uchun o‘z eshiklarini ochdi. Ona tili, iymon-e'tiqod, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, Navro‘z kabi bayramlar xalqqa qaytarildi. Vatan tarixi, ona tili, adabiyot, san'at, madaniyat qaytadan kashf etildi.

Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazining bu yil 22 yoshga to‘lishi ham jamiyat ma'naviy hayotini isloh etishga qaratilgan sa'y-harakatlar natijasidir. Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi va uning mintaqaviy-hududiy bo‘limlarining madaniy merosni, ajdodlarning buyuk nomlarini, faoliyatini, mamlakat va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasini targ‘ib etish orqali xalq tarixiy xotirasini tiklash, asl bunyodkor g‘oyalarni targ‘ib etish, buzg‘unchi, siyosiy va diniy ekstremistik g‘oyalarga zarba berish, ularning g‘arazli maqsadlarini fosh etish, xalqni, ayniqsa yosh avlodni milliy istiqlol g‘oyasiga sodiqlik ruhida tarbiyalash borasidagi xizmatlari beqiyosdir.

Mazkur o‘quv-seminarni tashkil qilishdan maqsad milliy g‘oya targ‘iboti va ma'naviy ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, joylarda tizimli ishni tashkil etish, olib borilayotgan va tashkil etilayotgan ma'naviy-ma'rifiy ishlarni jonlantirish, ma'naviy tarbiyaning dolzarb muammolari yuzasidan fikr almashish, o‘quv-tarbiyaviy va amaliy targ‘ibiy ishlarni yanada takomillashtirishdir.

Seminarda muhokama qilingan masalalar dolzarb, ilmiy, ilmiy-uslubiy va amaliy jihatdan juda foydali. Axborot asrida xalqaro madaniy yaqinlashuv shunchalik kuchayib ketdiki, uy-ro‘zg‘or buyumlari, kiyim-kechak, shaharlarda turmush madaniyati jahon bo‘yicha birxillashib bormoqda. Nafaqat iste'mol buyumlari, shuningdek, ko‘riladigan kinoseriallar, teleko‘rsatuvlar, tinglanadigan musiqiy va estrada asarlari, ko‘ngilochar elektron o‘yinlar va juda ko‘p boshqa madaniy mashg‘ulotlar ham birxillashib bormoqda. Bunday muhitda milliy o‘zlikni, milliy xususiyatlarni saqlab qolish va rivojlantirish ko‘plab qiyinchiliklarga, muammolarga duch kelmoqda. Shu sababdan ham seminarda jamiyat taraqqiyotining ma'naviy yuksalishi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar o‘rganildi.

Seminarda O‘zbekistonda har tomonlama sog‘lom, barkamol avlodni voyaga yetkazishning o‘ziga xos, uslub, mezon va vositalari yaratilgani, bunda milliy g‘oya targ‘iboti va ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirishning ilmiy-amaliy vositalari alohida ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi. Bugun komil inson deganda ham jismoniy, ham ma'naviy jihatdan yetuk shaxs tushuniladi. Bu borada Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi hamda uning mintaqaviy-hududiy bo‘limlari tomonidan keng qamrovli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Seminar so‘ngida ishtirokchilar sertifikat bilan taqdirlanishdi.

Top