O‘zbekiston | 14:29 / 13.04.2016
2590
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 4ta tramvay yo‘nalishi qoldi

12 aprel kuni Toshkent shahrida №12 yo‘nalishi («Beshqayrog‘och» dahasidan «Beruniy» metrosigacha) va №26 yo‘nalishi («Qo‘yliq-6» dan «Toshkent» vokzaligacha) bo‘yicha harakatlanadigan tramvaylar harakati to‘xtatildi. Bu haqda Gazeta.uz nashri «Toshkent tramvayi» korxonasiga asoslanib xabar tarqatdi.

Endilikda O‘zbekiston poytaxtida 4ta tramvay yo‘nalishi harakatlanishda davom etmoqda: №8 («Beshqayrog‘och» massividan «Oqtepa» maydonigacha), №9 («Toshkent» vokzalidan «Chilanzar-26» massivigacha), №13 («Toshkent» vokzalidan «Qo‘yliq markaz»gacha) va №17 («Beshqayrog‘och» massividan «Ippodrom»gacha).

Qolgan yo‘nalishlarning yopilish muddatiga aniqlik kiritilmagan.

Aprel oyi boshida Toshkent hokimiyati, xususan shahar hokimi Rahmonbek Usmonov kelgusi ikki oy davomida shaharda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha oltita tramvay yo‘nalishi yopilib, tramvay tarmoqlarining buzilishini ma'lum qilgandi.

Shu tariqa, shaharda 115 yildan buyon harakatlanib kelayotgan tramvaylar 2010 yilning bahorida yopilgan trolleybuslar ortidan tarixga aylanmoqda. Buning sababi sifatida ularning jamoat transportining boshqa turlariga nisbatan «samarasiz» ekanligi keltirilgan.

Shu oydan boshlab tramvaylar harakatlangan yo‘nalishlarda mos ravishda T8, T9, T13 kabi avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yildi. Bu yo‘nalishlarda Isuzu avtobuslaridan foydalanilmoqda. Sentyabr oyi oxirigacha shahar hokimiyati 80ta shunday avtobuslar sotib olib, har bir yo‘nalishga 10tadan 18tagacha avtoulov qo‘yishni rejalashtirgan.