15:03 / 14.04.2016
1398

Shvetsiya prokurorlari Assanjga nisbatan berilgan orderni o‘zgartirmaslikni talab qilishmoqda

Shvetsiya prokuraturasi WikiLeaks asoschisi Julian Assanjning qo‘lga olinishi bo‘yicha qarashini o‘zgartirgani yo‘q. Reyter agentligi xabariga ko‘ra, bu haqda Stokgolm okrug sudiga yuborilgan rasmiy javob maktubida so‘z yuritilgan.

Fevral oyi oxirida WikiLeaks asoschisi Julian Assanj advokatlari, uni hibsga olish to‘g‘risida berilgan orderni bekor qilishni so‘rab Shvetsiya sudiga murojaat qilishgandi. Advokatlarning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qarorni qayta ko‘rib chiqishga asos bo‘ladigan yangi holatlar paydo bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Assanj 2012 yil iyunidan buyon Ekvadorning Londondagi elchixonasiga yashirinib kelmoqda. U Shvetsiyaga ekstraditsiya qilinishiga qarshi chora sifatida shunday yo‘l tutgan. Assanj 2010 yilda sodir etilgan zo‘rlash bilan bog‘liq jinoyat bo‘yicha tergov jarayonida gumondor sifatida qatnashishi lozim edi. WikiLeaks asoschisi o‘ziga nisbatan ilgari surilayotgan barcha ayblovlarni inkor etib kelmoqda.

Top