18:51 / 15.04.2016
1695

Eron neft vaziri Qatardagi muzokaralarga borishdan ma'no ko‘rmayapti

Eron neft vaziri Bijan Namdar Zangane Qatar poytaxti Doha shahrida 17 aprel kuni o‘tkaziladigan OPeK muzokaralarida ishtirok etmoqchi emas. Bu haqda Trend xabar tarqatgan.

Eron neft vazirligi saytida aytilishicha, vazirning bu safardan voz kechish bo‘yicha qarori muzokaralardagi pozitsiyalar oldindan ma'lumligi bilan bog‘liq.

"Vazir shu vaqtgacha OPeKning turli vakillari hamda neft qazib olish bilan shug‘ullanuvchi ko‘plab boshqa davlatlar bilan ikki tomonlama va ko‘ptomonlama uchrashuvlarida Eronning pozitsiyasi haqida bildirgan. Eron neft qazib olishni muzlatib qo‘yish g‘oyasiga qo‘shilmaydi", deyilgan matbuot xizmati xabarida.

Zanganening o‘rniga Qatarga Eronning OPeKdagi vakili Hosseyn Kazempur Ardebili borishi aytilgan.

17 aprel kuni Dohada neftning eng yirik ishlab chiqaruvchilari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Unda neft narxini barqaror ushlab turish mavzusi muhokama qilinadi.

Top