Jahon | 11:49 / 15.04.2016
1919
3 daqiqa o‘qiladi

Obama Saudiya Arabistoni, Britaniya va Germaniyaga otlandi

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II bilan tushlik qilish, Amerika prezidentining xorijiy sayohati tartibidagi ahamiyatli voqealardan biri bo‘ladi. Obamaning Oq uy ma'muriyatidagi bosh maslahatchisi Ben Rods rasmiy tushlik qirolichaning Vindzor qasridagi qarorgohida 22 aprel kuni bo‘lib o‘tishini ma'lum qildi.

Obama Buyuk Britaniyaga Saudiya Arabistoniga uchib keladi. Amerika yetakchisi Saudiya podshohligida davlat rahbari bilan uchrashuvdan tashqari, Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorligi kengashi sammitida ishtirok etadi. Unda uchta asosiy mavzu: mintaqada barqarorlikni mustahkamlash, terrorizmga qarshi kurash va Eronga nisbatan yakdil pozitsiyani shakllantirish masalalari muhokama etiladi.

Obama Londonda bosh vazir Devid Kemeron bilan muloqot o‘tkazgach, Berlinga uchib, kansler Angela Merkel hamrohligida Hannover sanoat yarmarkasiga tashrif buyuradi. AQSh va Germaniya yetakchilari ushbu yarmarkani tantanali ochilish marosimida qatnashadi.

Umuman, Obamaning xorijiy safarlariga oid o‘tkazilgan brifingda Rods va matbuot anjumanining boshqa ishtirokchilari AQSh yetakchisining mazkur safarlari, mamlakatning muhim ittifoqchilari bilan xayrlashuv ma'nosini anglatishini yashirishmadi. Obamaning 8 yillik prezidentligi davomida, London Vashingtonning "yaqin do‘st" bo‘ldi, Berlin esa "muhim hamkor" sifatida qaraldi. Ar-Riyodga nisbatan ittifoqchilik talqini mos kelishiga shubha bildirgan jurnalist ayolning savoliga, Obama bu mamlakatga to‘rtinchi marotaba borayotgani ta'kidlandi.

Obamaning Yevropaga safari bo‘yicha umumiy ma'lumotni mazkur mintaqa bo‘yicha bosh maslahatchisi Charlz Kupchan taqdim etdi. Unga ko‘ra, Obama Britaniya bosh vaziri hamda Germaniya kansleri bilan, Ukraina va Rossiyaning Minsk kelishuvlariga qay darajada amal qilayotganini muhokama etadi.

Bundan tashqari, Bryussel voqealaridan keyin, terrorizmga qarshi kurashda nafaqat transatlantik mintaqada, balki Yevropaning o‘zida qanday choralar ko‘rilayotgani xususida so‘z boradi. Shuningdek, ikki tomonlama muzokaralarda, tomonlarni qiziqtirgan boshqa dolzarb mavzularda fikr almashiladi.