O‘zbekiston | 10:02 / 16.04.2016
2530
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p qavatli uylarning issiq suv to‘lovchi uchun chegirma bormi?

Yozgi mavsumda issiq suv jumragidan soatlab sovuq suv keladi va suv isiguniga qadar anchasi behuda oqib ketadi. Natijada hisob-kitob vaqtida ham ortiqcha to‘lashga to‘g‘ri kelib qoladi. Bunday holatda oqib ketgan suvlar uchun biror bir chegirma bor-yo‘qligi haqida “Toshissiqquvvati” IChB UK bosh direktori B.Kurbanbekov aytib o‘tgan. Bu haqda “Darakchi” nashri yozmoqda.

— Yoz faslida isitish tizimi uchun alohida hisob-kitob yuritish tartibi mavjud emas. Qish faslida isitish mavsumida suv aylanuvchi (sirkulyatsion) yaroqli quvurlar liniyasida muammo bo‘lmasligi lozim, biroq ayrim turar-joy binolarida suv aylanish liniyasi yo‘q va bu holat XUJMSh tomonidan tiklanishi joiz. Yozgi mavsumda esa sirkulatsiya ishlamaydi, bir quvurdan suv haydash to‘xtaganda, ayniqsa, tungi va tongi vaqtda suvning turib qolishi va sovishi holati kuzatiladi, — dedi B.Kurbanbekov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, “bu borada “Toshissiqquvvati” IChB UK “Toshissiqelektrloyiha” OAJga isitish mavsumlari oralig‘ida suvning sovishi holatini hisoblash bo‘yicha murojaat qilgan edi. “Toshissiqelektrloyiha” AJ ma'lumotiga ko‘ra, 2004 yil avgustdan isitish mavsumlari oralig‘ida hisoblagichlar o‘rnatilgan aholi turar joylarida iste'mol qilingan issiq suvning o‘rtacha 6 foizi soviydi, deb topilmoqda. Ushbu koeffitsiyent dasturga kiritilgan hamda isitish mavsumlari oralig‘ida aholidan olinadigan issiq suv to‘lovida faqat hisoblagichlari bor xonadonlardan avtomatik ravishda qayta hisoblanadi.