12:33 / 17.04.2016
3633

2016 yilning birinchi choragida O‘zbekistonda YaIM o‘sishi 7,5 foizni tashkil etdi

2016 yilning birinchi choragida O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 7,5 foizga o‘sdi. O‘zAning xabar berishicha, bu haqda 15 aprelda bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasining majlisida ma'lum qilingan.

Sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 7 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi — 6,7 foizga, chakana tovar aylanmasi hajmi 12,8 foizga ko‘paydi. Davlat byudjyeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdoridagi profitsit bilan ijro etildi. Inflyatsiya darajasi prognoz parametrlardan oshmadi, deyiladi xabarda.

Xizmatlar hajmlari 12,1 foizga o‘sib, ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2015 yilning birinchi choragidagi 59,3 foizdan 59,5 foizgacha ko‘paydi.

Yanvar-mart oylarida kichik biznesning 8400 ta yoki o‘tgan yilning shu davridagiga qaraganda 5,5 foiz ko‘p yangi sub'yekti tashkil etildi. Kichik biznes sub'yektlariga 3,6 trln so‘m bank kreditlari berildi, o‘sish 2015 yilning 1-choragidagiga qaraganda 1,3 baravarni tashkil etdi.

2016 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini oshirish dasturi doirasida 167,4 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi, ulardan 57,7 foizi qishloq joylarda.

«Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi tadbirlarini moliyalashtirishga qariyb 1,3 trln so‘m miqdoridagi mablag‘ yo‘naltirildi.

O‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmlari 8,5 foizga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar 14,4 foizga o‘sdi. 2016 yilgi Investitsiya dasturi doirasida 368 ta yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlandi, ular bo‘yicha qurish va rekonstruksiya qilishga pudrat shartnomalari belgilangan tartibda tuzilgan.

Farg‘ona vodiysi viloyatlarini respublikaning qolgan hududi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l qatnovi bilan birlashtiradigan yangi elektrlashtirilgan Angren-Pop temir yo‘li qurilishi tugallanmoqda. Samarqand-Buxoro temir yo‘lini, yo‘lovchilar tashish poyezdlarining yuqori tezlikda harakatlanishini tashkil etgan holda, elektrlashtirish loyihasi jadal sur'atlarda amalga oshirilmoqda.

Zamonaviy texnologiya bo‘yicha keng polosali foydalanishning 500 kilometrdan ortiq optik-tolali tarmoqlarini qurish va zaxiraga qo‘yish amalga oshirildi. Qishloq turar joy massivlarida 13 mingta yangi shinam uylar, ushbu massivlarda ijtimoiy va bozor infratuzilmasining zamonaviy obektlarini qurish boshlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida qurilish ishlariga o‘sib borayotgan talabni hisobga olgan holda 2016 yilda 400 tadan ortiq yangi, moliyaviy barqaror va zarur texnika bilan jihozlangan qurilish va montaj tashkilotlari tashkil etishni ta'minlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi.

Birinchi chorak mobaynida 178 ta davlat aktivi 216 mlrd so‘mga yaqin investitsiya majburiyatlari qabul qilingan holda xususiy mulkka sotilganligi qayd etildi. Ustav fondlarida davlat ulushlari bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari soni 2015 yilning shu davridagi 378 ta o‘rniga 209 tagacha kisqardi.

Majlisda bosh vazirning o‘rinbosarlari, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlarining e'tibori xomashyoni jahon bozorida talab etilgan tayyor mahsulotga chuqur qayta ishlashning 3-4 bosqichli sikllariga o‘tishni nazarga tutuvchi 2020, 2025 va 2030 yillarga hisoblab chiqilgan sanoatning yetakchi tarmoqlarini rivojlantirish dasturlari loyihalarini ishlab chiqishni tugallashni jadallashtirish va tasdiqlash uchun kiritish zarurligiga qaratildi.

Top