19:39 / 17.04.2016
1823

APL, 34-tur. «Lester» «Vest Hem»ga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotdi

Angliya chempionatining 34-turidan o‘rin olgan hal qiluvchi o‘yinda «Lester» «Vest Hem»ni qabul qildi.

O‘yinni ko‘tarinki ruhda boshlagan mezbonlar 19 daqiqada jamoaning asosiy hujumchisi Jyeymi Vardining navbatdagi goli orqali hisobni ochishdi. Bu uning mavsumdagi 22-goli bo‘ldi va u turnir to‘purarlari ro‘yxatida «Tottenhem» hujumchisi Harri Keyn bilan tenglashib oldi. Qolaversa, bu uning mavsumdagi 11-marta o‘yinda hisobni ochuvchi golga mualliflik qilishi bo‘ldi.

O‘yinning ikkinchi bo‘limida esa voqealar rivoji boshqacha tus oldi.

56 daqiqada Vardi raqib jarima maydonida yiqildi va o‘yin hakami uni simulyatsiyada ayblab, unga sariq kartochka ko‘rsatdi. Futbolchi bundan avvalroq, o‘yinning 28 daqiqasida ham ogohlantirilgani sababli ikkinchi sariq kartochka qizil kartochkaga aylandi va futbolchi maydonni tark etishga majbur bo‘ldi. Futbolchi maydonni tark etish vaqtida nojo‘ya harakat qildi va bu uning keyingi o‘yinlardan diskvalifikatsiya qilinishiga sabab bo‘lishi mumkin.

O‘yinning 84 daqiqasida o‘yin hakami mezbonlar darvozasiga 11 metrli jarima zarbasi belgiladi. Nuqtaga yaqinlashgan Endi Kerroll adashmadi va hisobni tenglashtirdi.

2 daqiqa o‘tib esa mehmonlar himoyachisi Aaron Kressuel jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.

O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda hakam mehmonlar darvozasiga qarata penalti belgiladi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Leonardo Uloa belgilangan penaltini aniq amalga oshirib, hisobni tenglashtiruvchi gol muallifiga aylandi.

Endilikda, «Lester» hisobidagi ochkolar soni 73taga yetgan, «Vest Hem» esa 53 ochko bilan 6-o‘rinda qolmoqda.

Lester – Vest Hem 2:2 (1:0, 1:2)
Gollar: 1:0 – 18 Vardi, 1:1 – 84, penalti Kerroll, 1:2 – 86 Kressuell, 2:2 – 90, penalti Uloa.
Lester – Shmeyxel, Morgan, Fuks, Simpson, Xut, Drinkuoter, Kante, Olbrayton (Shlupp, 54), Marez (Amarti, 78), Okadzaki (Uloa, 59), Vardi.
Vest Hem – Adrian, Ogbonna, Rid, Kressuell, Antonio, Nobl (Lansini, 63), Obiang (Kerroll, 46), Mozes (Valensiya, 72), Kuyate, Payye, Emenike.
Ogohlantirish: Vardi (28), Rid (30), Nobl (40), Payye (42), Morgan (77).
Chetlatish: Vardi (56).

Oldinda muxlislarni «Arsenal» – «Kristal Pelas» hamda «Stok Siti» – «Tottenhem» uchrashuvlari kutmoqda. 

Top