10:04 / 17.04.2016
2765

AQShlik olimlar asteroidlarni lazer bilan urib tushirishni taklif qilishmoqda

AQShlik astrofiziklar yer atrofidagi orbitada potensial xavfli obektlarni, aniqrog‘i asteroidlarni yo‘q qilish dasturini taklif qilmoqdalar. Ularning tadqiqotlariga ko‘ra, asteroidni lazer nurlanishi bilan yo‘q qilish yoki uning parvozi yo‘nalishini Yer orbitasi bilan kesishishdan og‘dirish mumkin.

Xavfli obekt aniqlangandan keyin unga lazer ablyatsiyasi (surish) yordamida ta'sir qilish taklif qilinmoqda. Nurlanish asteroidga lazerlar massivi bilan olib boriladi, uni esa standart raketa-tashuvchida yetkazish mumkin.

Ta'kidlanishicha, lazerlar asteroid sirtidagi zarralarni qizdirish yo‘li bilan bug‘lantiradi. Bu ta'sir fazo jismining vazni va boshqa fizik ko‘rsatkichlarini hamda kamida uning yo‘nalishini o‘zgartirishga imkon beradi.

Olimlar lazerlarni xavfli jismga suyuq yonilg‘ida ishlovchi raketa va ion dvigatelda ishlovchi kosmik qurilmada yetkazishni taklif qilishmoqda.

Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, diametri 325 metrga yaqin bo‘lgan Apofis asteroidi o‘lchamidagi asteroidni bartaraf etish uchun 15 yil talab etiladi. Olimlarning ta'kidlashicha, NASA va Yevropa koinot agentligi bu loyihani boshlash uchun barcha texnik imkoniyatlarga ega.

Olimlarning fikricha, Atlas V 551, Ariane V va Delta IV Heavy raketalari hamda ayni vaqtda qurilayotgan Falcon Heavy va SLS (Space Launch System) raketalari imkoniyatlari bu loyihani hozirdayoq boshlash imkonini beradi.

NASAda yer atrofi orbitasiga yetib kelishi mumkin bo‘lgan asteroidlar bilan bog‘liq xavflar haqida ham bosh qotirishmoqda. Agentlik muhandislari asteroidni kosmik kemaga aylantiruvchi loyiha ustida ish olib borishmoqda.

Ba'zi olimlarning fikricha, koinotda bunday texnologiyalardan boshqa sivilizatsiyalar vakillari foydalanib keladi. Yaqinda Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti olimlari o‘zga sayyoraliklar o‘zlarining yashash joylarini lazerlar yordamida niqoblashlarini ta'kidlagandilar.

Top