15:52 / 17.04.2016
2167

Eron rahbariyati neft qazib olish hajmini muzlatib qo‘yish loyihasiga qarshi emas

Eron hukumati neft ishlab chiqarish hajmini oktabr oyigacha 2016 yil yanvardagi darajada saqlab turish bo‘yicha bitim loyihasini ma'qullaydi. Bu haqda mamlakat neft vaziri Bijan Namdar Zanganega asoslanib, «Interfaks» xabar tarqatgan.

O‘z navbatida, vazir Eron neft bozoridagi ulushini ham yanvar holatida saqlab qolmoqchiligini bildirgan.

Uning aytishicha, bu qadam Eron uchun "o‘ziga sanksiya qo‘llash" hisoblanadi.

Shuningdek, Eron Yevropaga kuniga 700 ming barrel neft yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzganini ma'lum qilgan.

Bundan oldinroq, Reuters agentligi Eron neft ishlab chiqaruvchi mamlakatlarning Dohadagi uchrashuvida ishtirok etmasligi haqida xabar bergandi.

17 aprel kunining ikkinchi yarmida Qatar poytaxti Doha shahrida OPeK (neftni eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti) mamlakatlari va tashkilotga kirmaydigan ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida uchrashuv o‘tkaziladi. Unda neft narxini barqarorlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilinadi.

Dohadagi bitim loyihasi neft qazib chiqarish darajasini oktabrgacha muzlatib qo‘yishni taklif qilishi kutilmoqda.

Top