O‘zbekiston | 14:22 / 17.04.2016
2206
2 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimov Kyusyuda sodir bo‘lgan zilzila munosabati bilan Yaponiya bosh vaziriga hamdardlik bildirdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Yaponiya janubidagi Kyusyu orolidagi kuchli zilzilalar oqibatida ko‘p sonli insonlar halok bo‘lishi va vayronagarchilikka olib kelishi munosabati bilan Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abega chuqur hamdardlik bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Maktubda davlat rahbari qurbon bo‘lganlarning oila a'zolariga va yaqinlariga hamda jabrlanganlarga chuqur hamdardlik va dalda bildirgan.

Yaponiyada 14-16 aprel kunlari davomida 388 marta yer qimirladi. Ular orasida eng kuchlisi 7,3 va 7,1 magnitudali zilzilalar bo‘ldi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, bu kunlar ichida tabiiy ofat oqibatida 41 kishi halok bo‘ldi, 2 mingdan ko‘proq kishi turli og‘irlikdagi jarohatlar bilan shifoxonalarga joylashtirilgan.

Kumamoto va Oita prefekturalarida 240 mingdan ko‘proq kishi maxsus markazlar, maktablar va munitsipal binolarda joylashtirilgan. Kumamotoda deyarli 80 mingta turar joy binosi elektr ta'minotisiz qolmoqda.