Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponiyada 3 kun ichida 388 ta zilzila sodir bo‘ldi
Yaponiyaning janubi-g‘arbida joylashgan Kyusyu orolida oxirgi 3 kun ichida 388 ta zilzila yuz berdi. Bu haqda 17 aprelda Yaponiya milliy meteorologik boshqarmasi ma'lum qildi.
Ular orasida eng kuchlisi 7,3 va 7,1 magnitudali zilzilalar bo‘ldi.
Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, bu kunlar ichida tabiiy ofat oqibatida 41 kishi halok bo‘ldi, 2 mingdan ko‘proq kishi turli og‘irlikdagi jarohatlar bilan shifoxonalarda qolmoqda.
O‘tgan kecha Kumamoto prefekturasida kuchli shamollar bilan kechgan kuchli yomg‘ir yog‘ib o‘tdi. Bu esa hududdagi qutqaruv ishlarini ancha murakkablashtirdi. Milliy mudofaa kuchlari askarlari, politsiya va o‘t o‘chirish boshqarmasi xodimlari bedarak yo‘qolganlarni topish umidida vayronalarni tozalashmoqda. Qutqaruv operatsiyasida umumiy hisobda 30 ming odam ishtirok etmoqda.
Mahalliy seysmologlar yer osti silkinishlari yana kamida bir hafta davom etishi va yangi kuchli zilzila yuz berishi mumkinligidan ogohlantirishmoqda.
Kumamoto prefekturasida shahar transporti qatnovi deyarli to‘xtatilgan. Barcha avtomobil magistrallari yopilgan.
Kumamoto va Oita prefekturalarining 240 mingdan ko‘proq aholisi maxsus markazlar, maktablar va munitsipal binolarda joylashtirilganlar. Kumamotoda deyarli 80 mingta turar joy binosi elektr ta'minotisiz qolmoqda.