Sport | 11:57 / 18.04.2016
2337
3 daqiqa o‘qiladi

Dzyudo bo‘yicha OCh: O‘zbekiston jamoasi jamoaviy bahslarda oltin medalga ega bo‘ldi

Toshkentda bo‘lib o‘tgan Dzyudo bo‘yicha Osiyo chempionatining yakunlovchi uchinchi kunida O‘zbekiston erkaklar jamoasi oltin medalga ega bo‘ldi. Bu haqda Dzyudo federatsiyasi xabariga asoslanib, Gazeta.uz ma'lum qilgan.

Qayd etilishicha, erkaklar jamoasi turnir tarixida O‘zbekiston vakillarining yagona oltin medalini oldi.

O‘zbekiston ayollar jamoasi yarim finalga yetib kelishga muvaffaq bo‘lgan va natijalarga ko‘ra, beshinchi o‘rinda qayd etilgan.

O‘zbekistonlik dzyudochi ayollar jamoasi hal qiluvchi bellashuvda Qozog‘iston jamoasi bilan uchrashdi. Bellashuvda O‘zbekistonlik Gulnur Sulaymonova (52kg), Amangul Allanazarova (57kg), Muhayo Ibrohimova (63kg), Gulnoza Matniyozova hamda Kumush Yo‘ldosheva qatnashdi. O‘zbekiston vakillari bu to‘qnashuvda 2:3 hisobida yutqazdi.

O‘zbekiston erkaklar jamoasi esa qit'aning eng kuchli jamoalaridan biri bo‘lmish Mo‘g‘uliston terma jamoasiga qarshi chiqdi. 66 kg vazn toifasidagi birinchi bahsda Sharofiddin Lutfillayev Tumurxulega Davaadorj ustidan ippon usuli bilan g‘alaba qozondi. Undan keyin gilamga chiqqan Mirali Sharipov (73kg) Odbayara Ganbaatarni yenggan. Uchinchi bellashuvda 81kg vazn toifasida ishtirok etuvchi Yahyo Imomov Dagvasuren Nyamsuren ustidan g‘alaba qozondi va hisob 3:0 ko‘rinishiga yetdi. Bu orqali esa keyingi 2 bahs natijasidan qat'i nazar O‘zbekiston g‘alabasini ta'minladi.

Dilshod Choriyev (90kg) Otgonbaatar Lkxgvasurenga yutqizgan bo‘lsada, Abdulla Tangriyev (+100 kg) o‘z raqibi Tuvshinbayar Naydanni mag‘lubiyatga uchratdi.

“Afsuski, ko‘plab vakillarimiz jarohat tufayli turnirda qatnasha olmadi: Rishod Sobirov, Shaxzod Sobirov, Sherali Jo‘rayev. Lekin bu jamoaning jangovar ruhiga ta'sir ko‘rsatmadi. Yakunda "oltin"ga ega bo‘ldi", deydi O‘zbekiston Dzyudo federatsiyasi rahbari Armen Bagdasarov tadbir yakunida.

Dzyudo bo‘yicha OCh: O‘zbekiston vakillari hisobidagi medallar soni 6taga yetdi