16:09 / 18.04.2016
8053

Farrux Zokirovning tavallud oqshomi 2 kun davom etdi

O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov tavallud ayyomining asosiy bayram tadbirlari kecha, 17 aprel kuni poytaxtdagi International mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi, deya ma'lum qiladi “Qalampir.uz” sayti.

Kechaga O‘zbekiston xalq artistlari Yulduz Usmonova, Nasiba Abdullayeva, Rushana Sultonova, Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Obid Asomov, Rashid Xoliqov, Rayhon G‘aniyeva, xonandalar Shahzoda, Farrux Ahmedov, Akbar Otamuhammedov tashrif buyurishdi.

Ma'lumotlarga qaraganda, tadbirga Sardor Rahimxon, Ulug‘bek Rahmatullayev, Manzura, Gulsanam Mamazoitova, Munisa Rizayeva, Shohruhxon, Ziyoda kabi xonandalar taklif etilmagan.

International mehmonxonasi tantanalar zalining foyesi xuddi katta taqdimot marosimlaridagidek bezatilgan edi. U yerda Farrux Zokirovning tasviri tushirilgan ikkita plastik haykalchalar o‘rnatilgan bo‘lib, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Obid Asomov bu g‘oyani ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasi orqali quyidagicha izohladi:

“Yubilyar” mehmonlar bilan bandlar. Hammaning u kishi bilan rasmga tushgisi keladi bu tarixiy kechada. Shuning uchun kiraverishga ko‘paytirib qo‘yishibdi. Xohlang bitta Farrux aka bilan tushing, xohlang ikkitasi bilan... O‘zingdan ko‘paygin degani shu bo‘lsa kerak. Sog‘ bo‘lsinlar ustoz, 100 ga chiqsinlar. Uyog‘ini o‘shanda maslahat qilamiz”.
Farrux Zokirovning 70 yoshga to‘lishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbir tungi soat 02:00 ga qadar davom etgan.

Top