Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hindiston hukumati "aqlli shahar"lar to‘g‘risidagi va'dasini bajarmoqda
Bundan bir necha yil avval Hindiston hukumati 20ta shaharni “Aqlli shahar”ga aylantirish borasida va'da bergan edi. Ayni damda bu va'dalar asta-sekin hayotga tatbiq etila boshlandi. Tanlab olingan bu shaharlarning 13tasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan eng iflos shaharlar ro‘yxatiga kiritilgan edi.
“Aqlli shahar”lar ro‘yxatiga Dehli, Maxarashtra shtatidagi Puna, Rajastxon shtati ma'muriy markazi Jaypur, Orissa shtati poytaxti Bxubaneshvar, Tamilnad shtatidagi Chennai, Madxya-Pradesh shtatidagi Bxopal shaharlari ham bor. “Aqlli shaharlar”da umumiy hisobda 35 million kishining istiqomat qilishi aytiladi.
Tarqatilgan xabarlarga qaraganda, Krishna daryosi sohillarida Amaravati deb nomlanmish yangi “aqlli shahar” singapurlik quruvchilar tomonidan qurilmoqda. Shuni ta'kidlash kerakki, hududi 17 million kvadrat kilometr bo‘lgan yangi megopolis bir vaqtlar bananzor, o‘rmon va qishloq xo‘jaligida foydalanilgan mintaqada qad rostlamoqda. Me'morlarning rejasiga ko‘ra, yuqori texnologiyalar joriy etiladigan mazkur shahar Singapurga o‘xshab ketadi. Shu bilan birga shahar ichidan oqib o‘tuvchi daryo va unda suzuvchi qayiqlar Amaravatini hind Venetsiyasiga aylantiradi.
Megapolis atrofida yettita yo‘ldosh shaharcha qad rostlaydi. Yo‘ldosh shaharchalarning har biri iqtisodiyotning ma'lum sohasiga ixtisoslashtiriladi. Nima bo‘lganda ham 2035 yilga borib megopolis va uning atrofidagi aholi punktlarida umumiy hisobda 11 million kishining istiqomat qilishi, 3 million 300 mingta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilmoqda. 2050 yilga borib esa shahar aholisi 13,5 million kishiga yetib, 5,6 million ish o‘rni yaratiladi.
Amaravati shahrida ikkita aeroport, ming kilometrlik avtomobil yo‘llari, 300 kilometrlik velosiped va piyodalar uchun yo‘laklar quriladi. Metro bilan qo‘shib hisoblaganda o‘ta tez harakatlanuvchi poyezd yo‘llarining umumiy uzunligi 135 kilometrni tashkil qiladi. Shaharda quriladigan barcha inshootlar mahalliy aholining urf-odat va an'analariga mos kelishi ko‘zda tutiladi. Shahar mahallalarga bo‘linadi. Hukumat idoralari chetroqda joylashadi. Gubernator qarorgohi atrofida dam olish bog‘i qurilishi rejalashtirilmoqda. Bog‘ atrofida esa bir va ikki qavatli hukumat binolari barpo etiladi. Umumiy hisobda davlat idoralarida 62 ming kishining ishlashi kutilmoqda. Megopolisda osmono‘par binolar, universitet binolari bo‘ladi. Daryo sohillarida keng jamoatchilik vakillarining dam olishi uchun ko‘ngilochar, shu bilan birga, yashil hudud barpo etilishi ko‘zda tutiladi. Dam olish bog‘i shahar xududining 40 foizini egallaydi.
“Kelajak shahri” loyihasi Singapurning Surbana Jurong Private Ltd. kompaniyasi tomonidan yaratildi. Mazkur kompaniya rahbariyati Amaravati shahrini Hindistondagi ilk “aqlli shahar” bo‘lishiga ishonmoqda. Kuzatuvchilarning fikricha, so‘nggi yillarda bo‘lajak shahardagi yerlarning narxi 15 barobarga ko‘tarilib ketdi. Mintaqa hukumati mahalliy fermerlardan 12,5 ming gektar hududni sotib oldi. To‘g‘ri, fermerlarga pullar birdaniga emas, yaqin o‘n yilliklarda beriladi. Shundan so‘ng, yerlarning uchdan bir qismi infratuzilmalari bilan birga o‘z egalariga qaytariladi.
Megapolis Andxra-Pradesh shtatining ma'muriy markaziga aylanadi. Ma'lumki, shtatning avvalgi poytaxti Haydarobod shahri o‘tgan yilda hukumat qaroriga ko‘ra, shtatdan ajratib chiqarilgan edi. Haydarobodning ajralib chiqqanidan so‘ng, aholisining 70 foizi qishloqlarda istiqomat qiluvchi shtat daromad ko‘ruvchi mintaqadan dotatsiyaga o‘tirib qolgan hududga aylanib qoldi. Daromadni qayta tiklash maqsadida shtat gubernatori Chandrababu Naydu yangi poytaxt qurishga ahd qildi. Amaravati qurilishi uchun 250 milliard rupiy miqdorida mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu 3,8 milliard dollar demakdir. Ayni damda 18,5 milliard rupiy, ya'ni 291,5 million dollar miqdorida mablag‘ topildi. Qolgan mablag‘lar investorlar hisobidan bo‘lishi kutilmoqda. Yangi poytaxt qurilishi uchun xayriya mablag‘lari topish maqsadida rasmiy sayt ochildi.
Bundan bir necha yillar avval “Aqlli shahar” deyilganda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan shaharlar nazarda tutilar edi. Endilikda aholining ham zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirib olishi ham “aqlli shahar” tushunchasini anglatadi.
Sharofiddin To‘laganov