Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kaskadyor harakatlanayotgan elektr bolid ustidan salto sakrashini amalga oshirdi
Mohir kaskadyor Demiyen Uolters harakatlanayotgan elektr poyga mashinasi ustidan orqaga salto sakrash mashqini amalga oshirdi. Ushbu tryuk mart oyi o‘rtasida "Formula-Ye" poygasining Mexikodagi bosqichi oldidan bo‘lib o‘tgan, biroq u tasvirlangan video endi paydo bo‘ldi.
Aka-uka Rodriges nomidagi avtodromda amalga oshirilgan sakrashni suratga olishda 60 nafarga yaqin odam ishtirok etgan. Tryuk uchta statsionar kamera hamda bir nechta kvadrokopter yordamida suratga olindi.
Bundan tashqari, ko‘rish burchagi 360 gradusli yana bitta kamera bolidning o‘zida o‘rnatildi.
Orqaga salto sakrashning murakkabligi shunda ediki, Uolters bolidga orqasi bilan turgan va shuning uchun uning yaqinlashayotgani ko‘ra olmagan. Kaskadyor faqatgina sekundomerga qarab mo‘ljal olishi mumkin edi. Uolters bolid harakatlanishni boshlagandan 6,6 soniya o‘tib sakrashni o‘zi uchun belgilab olnan.
Bir nechta mashg‘ulotlardan keyin britaniyalik kaskadyor tryukni muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirdi. U 96 km/soat tezlik bilan ketayotgan bolid ustidan salto usulida sakradi. Avtomobilni esa portugaliyalik poygachi Bruno Korrea boshqardi.
"Butun faoliyatim davomida ko‘pgina xavfli sakrashlarni amalga oshirganman, biroq hech qachon bu galgidek qattiq asabiylashmagandim", deb tan oldi Uolters.