Manchester Evening News: Mourino «MYu» bilan hali shartnoma imzolamagan
«Chelsi» jamoasining sobiq bosh murabbiyi Joze Mourino yozda «Manchester Yunayted» jamoasining yangi bosh murabbiyiga aylanadi, lekin u bilan shartnoma hali imzolanmagan.
Bu xabar 17 aprel kuni Bild nashri ushbu mutaxassis va «qizil iblislar» jamoasi o‘rtasida 3 yillik shartnoma tuzilgani haqidagi xabar berishi ortidan paydo bo‘ldi.
Manchester Evening News nashri ma'lumotiga ko‘ra, Mourino haqiqatdan ham mavsum yakunida Lui van Gaal bilan hamkorlik to‘xtatilgach, uning o‘rnini egallaydi. Xabarda bu borada hali bitim tuzilmagani aytilgan.
Shuningdek, «MYu»da uzoq yillar davomida ishlagan sobiq murabbiy Aleks Fergyuson rahbariyatga van Gaalning o‘rniga Rayan Giggzni tayinlashni tavsiya etgan, biroq rahbarlar shotlandiyalik mutaxassisning fikriga e'tibor qaratishmagan va Mourinoning nomzodini tanlashgan.
34-turdan keyin «Manchester Yunayted» 56 ochko to‘plab, Angliya premer-ligasi turnir jadvalida beshinchi o‘rinda joylashgan va keyingi mavsumda YeChLda ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun kurash olib bormoqda. Jamoa to‘rtinchi pog‘onadagi «Arsenal»dan 3 ochko ortda qolgan, ammo londonliklar jamoasi zaxirasida bitta o‘yin bor.