Jahon | 12:15 / 18.04.2016
1639
1 daqiqa o‘qiladi

Navbatdagi zilzila xavfi tufayli 250 mingga yaqin yaponiyalik o‘z uylarini tark etdi

Yaponiyada yangi yerosti silkinishlari xavfi tufayli 250 mingga yaqin kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi. Bu haqida BBC News nashri xabar berdi.

Mamlakat metereologik markazi bergan ma'lumotlarga ko‘ra, yaqin kunlarda yana bir qator zilzilalar ro‘y berishi mumkin.

Kyusyu orolida 30 ming qutqaruvchi omon qolganlarni izlash ishlariga safarbar etilgan. 10dan ortiq kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Evakuatsiya markaziga qo‘shimcha tibbiy guruhlar jo‘natildi.

15-16 aprel kunlari Yaponiyaning janubi-g‘arbida bir qator yer silkinishlari bo‘lib o‘tdi, ularning maksimal magnitudasi 7,3 ballni tashkil etdi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 42 kishi halok bo‘lgan, 2 mingga yaqin kishi jarohat olgan.

So‘nggi bir necha kun davomida Kyusyu orolida jami 388ta zilzila qayd etilgan.