Jahon | 17:29 / 18.04.2016
1550
3 daqiqa o‘qiladi

OilPrice: Saudiya Arabistoni Doha muzokaralarini chippakka chiqardi

Energetika sohasiga ixtisoslashgan OilPrice internet-nashrining yozishicha, Saudiya Arabistonining neft qazib olish darajasini muzlatish bo‘yicha Dohada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda o‘zini g‘alati tutishini izohlash mushkul.

Ekspertlar OPeK mamlakatlari va Rossiya, neft qazib olishni muzlatish xususida biron jiddiy kelishuvga erishilishini shubha ostiga qo‘ygan bo‘lsalarda, muzokara qatnashchilari ramziy bo‘lsada qandaydir bitimsiz tarqalishmaydi, deb hisoblashgandi.

Saudiyaning Eronsiz, hech qanday bitimni imzolamaslikni ta'kidlaganini, quruq tahdiddan boshqa narsa emas, deb baholashgandi.

"Neft narxining hozirgi darajada pasayib ketishiga yo‘l qo‘ygan OPeK tashkiloti o‘ziga bo‘lgan ishonchni yana bir marta suiiste'mol qilishga haqqi yo‘q edi, ammo, bu hol yana bir karra yuz berdi", deyiladi maqolada.

So‘nggi lahzada Saudiya Arabistoni o‘z fikrida qat'iy turib, Eronsiz hech qanday bitimni imzolamasligini ta'kidladi. Albatta, Tehronga nisbatan sanksiyalar yaqinginada bekor qilingan, shu bois mamlakat neft qazib olishni kuniga 4 mln barrelga yetkazishni maqsad qilganini tushinish mumkin. Shu jihatdan Saudiya siyosatini izohlab bo‘lmaydi.

"Saudiya Arabistoni avvalboshdanoq neft qazib olishni muzlatishni xohlamagan ekan, unda nega Doha uchrashuvida qatnashishga rozi bo‘ldi?" — degan savol bilan murojaat etishadi maqola mualliflari.

Aytish mumkinki, balki Saudiya tomoni dastlab kelishuvni imzolash niyatida bo‘lgan, ammo hal qiluvchi pallada ularning Eronga nisbatan azaliy raqibligi ustun kelgan.

"Saudiya Arabistonining kelishuvni chippakka chiqargani, Eron bilan ziddiyati, uning neft siyosatiga naqadar jiddiy ta'sir ko‘rsatayotganining isbotidir", —deydi AQSh Kolumbiya Universiteti global energetika siyosati markazi direktori Jyeyson Bordoff.

Yana bir taxminga ko‘ra, Dohada qanday siyosat maqbulligi borasida Saudiya rahbariyatining o‘zida yakdil fikrning mavjud bo‘lmaganligidir. Xususan, Eronsiz hech qanday kelishuvni imzolamaslik tarafdori ikkinchi valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon va muzokaralar arafasida Ar-Riyodning bitimni imzolashini ta'kidlagan neft vaziri Ali al-Naimiy o‘rtasida aniq xulosa bo‘lmagan. So‘nggi lahzalarda esa, Saudiya neft vaziri fikridan qaytishga majbur bo‘ldi.

18 aprel kuni Doha muzokaralari omadsiz yakunlangach, jahon bozorida neft narxi keskin pasayib ketdi. OPeK a'zolari esa, kelgusi safar iyun oyida Venada uchrashadi. Agar ular kelishuvga erisha olishsa, unga tashkilotga a'zo bo‘lmagan Rossiya kabi davlatlar ham qo‘shilishi mumkin bo‘ladi.