Sport | 22:40 / 18.04.2016
1663
2 daqiqa o‘qiladi

"Paxtakor"ning "Al Jazira"ga qarshi o‘yini oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi

OChLning 5-turida o‘tadigan "Al Jazira" va "Paxtakor" jamoalari o‘yinidan avval matbuot anjumani tashkil etildi.

Toshkentliklar jamoasi bosh murabbiyi No‘'mon Hasanov Abu-Dabiga bormagan. Shu tufayli matbuot anjumanida uning o‘rniga yordamchi murabbiy Grigoriy Kolosovskiy va yarim himoyachi Azim Ahmedov savollarga javob qaytarishdi.

Grigoriy Kolosovskiy ("Paxtakor" murabbiyi): - Aprel oyida ko‘plab o‘yinlar o‘tkazdik va ertaga bizni eng muhim uchrashuv kutmoqda. Guruh bosqichida ko‘p ochko yo‘qotib bo‘ldik va mazkur bahsda ijobiy natijaga erishishimiz lozim. "Al Jazira" BAA futbolida o‘z o‘rniga ega. Bu jamoaning keyingi bosqichga chiqishdan umidini uzib bo‘lgani uchrashuv biz uchun oson kechishini bildirmaydi. Biz o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga intilamiz. Chempionlar ligasidagi taqdirimiz o‘zimizga bog‘liq. Boshqa jamoalar o‘yiniga ko‘z tikmasdan o‘zimizning bellashuvga e'tibor qaratishimiz kerak.

Raqibni yaxshi o‘rgandik. Har ikki jamoa bir xil sharoitda o‘ynaydi. Maydonga chiqib, o‘zimizga xos futbol namoyish etishga intilamiz. O‘yinga tayyormiz.

Azim Ahmedov ("Paxtakor" yarim himoyachisi): - Bu yerga g‘alaba uchun tashrif buyurdik. Umid qilamanki, zafar quchib, ortga boshimizni baland ko‘targan holda qaytamiz. Maydonda bor kuchimizni beramiz. Ortga yo‘l yo‘q.