Jahon | 23:35 / 18.04.2016
1145
2 daqiqa o‘qiladi

Putin va Obama Suriyadagi birgalikdagi harakatlarni kuchaytirishga kelishib oldilar

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidenti Barak Obama bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda Kreml saytida ma'lum qilindi.

Putin suhbat davomida Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi va bu davlatda jangovar harakatlarni to‘xtatish tartibini mustahkamlashga ko‘mak berish hamda tegishli hududlarga insonparvarlik yordamining borishini ta'minlash niyatidaligini tasdiqladi.

"Putin o‘rtamiyona muholifatning IShID va "Jibhad an-Nusra"dan tezroq uzoqlashishi va Suriyaning Turkiya bilan chegarasini yopish zarurligiga e'tibor qaratdi. Turkiyadan Suriyaga hamon jangarilar o‘tmoqda va ekstremistlarga qurol-aslaha yetkazilmoqda", deyilmoqda xabarda.

Tomonlar ikki davlatning Suriya yo‘nalishidagi o‘zaro sa'y-harakatlarini, jumladan maxsus xizmatlar va mudofaa vazirliklari liniyalari bo‘yicha, muvofiqlashtirishga kelishib oldilar.

Prezidentlar Jyenevadagi Suriya bo‘yicha muzokaralarning muhimligini ta'kidlab o‘tdilar. Bu muzokaralar ixtilofni hal qilishning siyosiy yo‘llarini topishga ko‘mak berishi kerak.

Ta'kidlanishicha, Obama suhbat chog‘ida Suriyada AQSh fuqarosi Kevin Dauzning ozod etilishida Rossiyaning ko‘magi uchun Putinga minnatdorchilik bildirgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish