Jamiyat | 19:53 / 18.04.2016
2526
3 daqiqa o‘qiladi

Sergelida xonadon sohibasini tunab ketgan ijarachi ayol qo‘lga olindi

Toshkentning Sergeli tumani 3-mavzesida istiqomat qilib kelayotgan 1952 yilda tug‘ilgan fuqaro Noila Umrzoqova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) ham yaxshi niyatlar bilan, o‘ziga hamroh bo‘lishini ko‘zlab, 1989 yilda Xorazm viloyatining Xiva tumanida tug‘ilgan Barnoxon Solijonovani o‘z uyining bir xonasida vaqtincha yashab turish uchun ijaraga qo‘ygandi. 2015 yilning avgust oyi boshlaridan Barnoxon N.Umrzoqovaning uyida yashab kelgan.

“Ogoh” nashrida yozilishicha, 2015 yilning avgust oyi oxiriga kelib, Xorazmga pasportini almashtirishi va farzandiga kiyim-kechaklar berib kelishini aytib, u yashab turgan uyidan chiqib ketadi. Barnoxon shu ketganicha N.Umrzoqovaning uyiga qaytib kelmaydi. 

Oradan bir qancha vaqt o‘tib, Barnoxonning onasi qizining shar'iy nikohdan o‘tgan turmush o‘rtog‘i Masharip Atajonovga qo‘ng‘iroq qilib, qizining qo‘lida bir qancha tilla buyumlar borligini qizi ularni qayerdan olganligini surishtiradi. Masharip ham buni bilmasligini aytib, Barnoxondan tilla buyumlarni qayerdan olganligini surishtiradi. Shunda Barnoxon bunga qiziqmaslikni so‘raydi. Yangi ijaraga olgan uyida hech narsa yo‘qligini bilgan Masharip oldingi ijara uyning egasi N.Umrzoqovaga qo‘ng‘iroq qilib, uyida tilla buyumlari bor-yo‘qligini surishtirib, ular joyida turibdimi, deb so‘raydi. N.Umrzoqova uyidagi bahosi 1 500 000 o‘smlik ikki dona “Lodka” uzuklari, bahosi 600 000 so‘mlik bir dona “Tarakan” uzugi, bahosi 500 000 so‘mlik bir dona ayollar “Feruza ko‘zli” uzugi, umumiy bahosi 100 000 so‘mlik ikki dona sariq metaldan ishlangan zanjirlar, bahosi 1 200 000 so‘mlik ikki dona “Kulon”lar, bahosi 600 000 so‘mlik “Qora shahzoda” ko‘zli bir juft ziraklar, bahosi 1 000 000 so‘mlik ayollar nikoh uzugi, bahosi 400 000 so‘mlik besh yulduz shakli tushirilgan uzuk va bahosi 500 000 so‘mlik xuddi shu shakldagi bir juft ziraklar, bahosi 800 000 so‘mlik binafsha rangli bir juft zirak va bahosi 1 500 000 so‘mlik “Samsung Galaksi S4” rusumli uyali aloqa vositasi ham joyida yo‘qligini aytadi.

Voqea yuzasidan huquqni himoya qiluvchi idora xodimlari boxabar etiladi. Ular darhol Masharipni telefon orqali topishib, bo‘lib o‘tgan voqealarni surishtirishadi.

Barnoxonni ham chaqirtirib, uning qo‘lida bo‘lgan tilla buyumlarni N.Umrzoqova taqdim etgan yo‘qolgan tilla buyumlar ro‘yxati bilan solishtirishadi. Nima qilishni bilmay qolgan Barnoxon N.Umrzoqova uyida yo‘q paytida uning sandig‘idagi tilla buyumlarni olib qo‘yganini tan oladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish