Jahon | 22:52 / 18.04.2016
2229
3 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiya uy-joy qurilishi vaziri ekstremistlar bilan ovqatlangani ma'lum bo‘lgandan keyin iste'foga ketdi

Shvetsiya uy-joy qurilishi vaziri va Yashillar partiyasi a'zosi Mexmet Qoplon 18 aprelda, OAVda uning ekstremistlar bilan ovqatlangani haqida xabarlar paydo bo‘lgandan va isroilliklarni natsistlarga qiyoslagani uchun tanqidlardan keyin o‘z lavozimidan ketishi haqida ariza yozdi.

"Men bugun Mexmet Qoplondan uy-joy qurilishi vaziri lavozimidan ketishi haqida ariza oldim va uni ma'qulladim", deb aytdi Stokgolmdagi matbuot-anjumanida Shvetsiya bosh vaziri, sotsial-demokrat Stefan Lyoven. Lyoven arizani oxirgi kunlardagi bahslar Qoplonning o‘z lavozimida ishlashini imkoniyatsiz qilgani uchun imzolaganini aytdi.

Qoplonning o‘zi esa o‘z lavozimidan ketishi sabablariga izoh bera turib, bu qadam u haqda o‘tgan haftada OAVda chop etilgan ma'lumotlarning tasdiqlanishi hisoblanmasligini aytdi. "Lavozimimdan ketishim men noto‘g‘ri deb hisoblaydigan ma'lumotlarni tasdiqlashim hisoblanmaydi. Men kimligimni bilaman. Shuning uchun bamaylixotir keta olaman. Men ishlashni davom ettirmoqchiman, men partiyam tomonidan kuchli qo‘llab-quvvatlashni his qilmoqdaman", deb aytdi Qoplon.

Kelib chiqishi turkiyalik bo‘lgan 44 yoshli Qoplon o‘tgan haftada u haqda OAVda paydo bo‘lgan xabarlardan keyin jamoatchilik o‘rtasida bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. OAVda Qoplonning o‘tgan yozda ro‘za munosabati bilan bayram dasturxon atrofida musulmonlar bilan o‘tirgani surati chop etildi. Dasturxon atrofida Qoplondan tashqari, Turkiyaning "Kulrang bo‘rilar" ekstremistik tashkilotining Shvetsiyadagi raisi hamda National Vision islom tashkilotining vakillari ham bo‘lgan.

Qoplon bilan bog‘liq o‘tgan haftada ma'lum bo‘lgan va mamlakatda tanqid keltirib chiqargan yana bir voqea uning 2009 yilda aytgan so‘zlari bilan bog‘liq bo‘ldi. O‘shanda Qoplon o‘z nutqlaridan birida Isroilning falastinliklarga nisbatan harakatlarini natsistlarning 1930-yillarda yahudiylarga nisbatan harakatlariga qiyoslagan.

Qoplon bu tanqidlarga javoban ular asossiz ekanligi, uning so‘zlari esa noto‘g‘ri talqin qilingani aytgan. "Men ekstremizmning barcha shakllarini rad etaman. Yashil g‘oya tinchlik, turfalik va global hamfikrlikni yoqlab chiqadi. Bu mening qadriyatlarim", deb aytgan Qoplon.