“Sergelitumangaz” nazoratchisi firibgarligi uchun qo‘lga olindi
Sergeli tumanida istiqomat qiluvchi Sergey Pavlenko (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) bir insonga ishonib, o‘z pullarini berib yuboradi. Bu haqda “Ogoh” nashri yozmoqda.
Kunlardan bir kun Sergey uyida o‘tirgan payti eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab qoladi. Eshikni ochsa, tuman gaz bo‘limidan nazoratchi Davron Xolyarov turar edi. U ichkariga kirib, gaz moslamalarini, quvurlarini hamda hisoblagichni ko‘zdan kechirdi. Sergey nazoratchiga to‘lovlar uchun jami 403500 so‘m pul berdi. Nazoratchi esa buning evaziga to‘lov kvitansiyasini rasmiylashtirib berib xonadondan chiqib ketdi.
Sergey o‘zi to‘lagan kommunal to‘lovlarning kvitansiyalarini olib har bir idoraga kirib chiqdi. Navbat tuman gaz bo‘limiga keldi va qo‘lidagi kvitansiyani u yerdagi xodimga ko‘rsatdi. Xodim foydalangan gaz uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan to‘lovlarni amalga oshirmaganligini bildirdi. — Siz bundan bir yil oldin nazoratchimiz Davron Xolyarovga 40000 so‘m pul to‘lagansiz, mana ishonmasangiz, — deya kompyuterni ko‘rsatdi.
Tekshirishlar boshlandi.
Davron Xolyarov “Sergelitumangaz”da nazoratchi lavozimida ishlab kelayotganida uning xizmat vazifalariga mijoz va idora o‘rtasidagi shartnomalarni tuzish, gazhisoblagichlarni davlat muhri, raqam va ko‘rsatkichlarni ko‘zdan kechirib nazorat qilish, qarzdorliklarni undirish, dalolatnoma tuzib qarzdorlik uchun xonadonni tarmoqdan ajratish, sudga hujjatlarni tayyorlab yuborish kirgan. U Sergey Pavlenkoning uyiga borib bank tomonidan berilgan kvitansiyani unga rasmiylashtirib berib, unda ko‘rsatilgan 403500 so‘m pulni iste'molchilarning foydalanilgan tabiiy gaz uchun to‘lov sifatida olib qolib, qog‘ozchaning ikkinchi nusxasiga 400000 so‘m yozib, nusxasini va 40000 so‘m pulni bankka topshirib, qolgan 363500 so‘m pullarni o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgani ma'lum bo‘ldi.
Bu holat bo‘yicha tergov harakatlari boshlanib, D.Xolyarovdan so‘rab surishtirilganda ushbu naqd pullarni o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgani, unga o‘sha kuni dori vositalarini olish uchun pul zarur bo‘lib qolganini, keyinchalik ishlatgan bu pullarni S.Pavlenkoning hisob raqamiga to‘lab bermoqchi bo‘lganini, lekin esidan chiqib qolganini ta'kidladi.
D.Xolyarovning ushbu xatti-harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan baholandi va aybdorlik masalasi hal etildi.