Jahon | 09:57 / 19.04.2016
1509
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning BMTdagi doimiy vakili Samanta Pauer korteji Kamerunda bir bolani bosib ketdi

Amerikaning BMTdagi doimiy vakili Samanta Pauer ketayotgan mashina Kamerunda yosh bolani bosib ketgan. Bu haqda The Washington Post gazetasida xabar qilingan.

Hodisa Kamerunning Marua shaharchasiga yaqin joyda sodir bo‘lgan. Pauer «Boko Haram» jangarilari hujumidan saqlanish uchun tashkil etilgan qochoqlar lagerini ko‘rish maqsadida tashrif buyurayotgan bo‘lgan.

Qayd etilishicha, mahalliy aholi vakillari Pauer avtokarvonini tomosha qilish uchun yo‘l yoqasiga saflanishgan, kutilmaganda ular orasidan 7 yashar bola ko‘chaga otilib chiqib, zirhli jip g‘ildiraklari ostida qolib ketgan. Pauerning mashinasi karvondagi oltinchisi bo‘lgani xabar qilinmoqda.

Associated Press agentligining ma'lum qilishicha, avtomobil haydovchisi hodisadan so‘ng harakatdan to‘xtagan, ammo AQSh maxsus xizmatlari, xavfsizlik nuqtai-nazaridan voqea joyini tark etishni talab qilishgan.

Bola shifoxonaga yotqizilgan, kamerunlik shifokorlarga kortej shifokorlari ham ko‘maklashishgan. Shunga qaramay, bola olingan jarohatlardan halok bo‘lgan.

Shundan so‘ng, Samanta Pauer bolaning oilasi yashaydigan uyga tashrif buyurgan va hamdardlik izhor qilgan.