O‘zbekiston | 18:32 / 19.04.2016
2475
2 daqiqa o‘qiladi

Avgust oyidan Buxoroga tezyurar poyezd qatnay boshlaydi

O‘zbekiston 2016 yilning avgust oyida Toshkent va Buxoro shaharlari o‘rtasida tezyurar poyezd qatnovini izga tushiradi. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev Qandim gazni qayta ishlash zavodi qurilishi boshlanishi munosabati bilan tantanali tosh qo‘yish marosimida ma'lum qildi. Bu haqda uzdaily.uz xabar bergan.

Shavkat Mirziyoyevning bayonot berishicha, ikki shahar o‘rtasidagi tezyurar poyezd qatnovi 20 avgust kunidan boshlab amalga oshiriladi. Uning aniqlik kiritishicha, yangi yuqori tezlikdagi temiryo‘l 25 avgustda foydalanishga topshiriladi.

Ma'lumki, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ 2015-2016 yillarda, «Samarqand-Buxoro» temiryo‘lini elektrlashtirish loyihasini amalga oshirmoqda. Bu esa Toshkentdan Buxorogacha tezyurar poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yishga imkon beradi. Ushbu loyiha qiymati 400 mln dollar atrofida baholangan.

Loyiha amalga oshirilgach, «Toshkent-Buxoro» yo‘nalishi bo‘yicha ikkita tezyurar poyezdi qatnay boshlaydi. Bunda, sayohat vaqti 2 martaga qisqarib, hozirgi 7-8 soat o‘rniga 3,5 soatlar ichida manzilga yetib olish imkoni paydo bo‘ladi.

Ushbu loyiha yoqilg‘i xarajatlari va tabiatga yetkaziladigan zararlar miqdorini kamaytirish imkonini beradi. Ayni vaqtda mehnat samaradorligiga erishiladi, yuk va yo‘lovchi tashish hajmi oshadi.