Fabio Kapello: «Barselona»ga Puyol kabi sardor yetishmayapti»
O‘z vaqtida «Real»da ishlagan italiyalik murabbiy Fabio Kapello «Barselona» jamoasida yuzaga kelgan inqiroz davri haqida o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.
«Bu mavsumda «Barselona» jamoasi raqiblari kambek amalga oshirishdi. Kataloniyaliklar ham ko‘p ochko yo‘qotib yuborishdi va o‘zlarini qiyin vaziyatga solib qo‘yishdi.
Men «Real»da ishlagan vaqtimda (2006/07 yillar mavsumi - tahririyat), biz ularni oxirgi turgacha qadamma-qadam ta'qib qilib, yetib olgandik.
Jamoaga nima bo‘layotganini tushuntirish qiyin, lekin «Barselona» ham jismonan, ham ruhat o‘zini tiklay oladi.
Lekin menimcha, jamoaga Puyol kabi sardor kerak, u jamoani yig‘a olardi. Ba'zida murabbiy nimalardir qilishga urinadi, ammo kiyim almashtirish xonasida haqiqiy yetakchi bo‘lmasa, hech ishdan foyda yo‘q.
Bu mavsum avvalida «Yuventus»da muammolar paydo bo‘lgan vaqtda kerakli ishni Buffon va Kellini kabi tajribali futbolchilar o‘z zimmalariga olishdi. Natijada vaziyat tubdan yaxshilandi», – deydi Kapello.