Sport | 20:59 / 19.04.2016
1620
4 daqiqa o‘qiladi

Klopp: «Faoliyatimdagi ilk derbida «Shalke»ga yutqazdik va men o‘shanda narsalarimni yig‘ishtirib ketishim kerak deb o‘ylaganman»

«Liverpul» jamoasi bosh murabbiyi Yurgen Klopp «Everton»ga qarshi derbi uchrashuvidan oldin fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Men qarshimizda shunday katta o‘yin turganidan xursandman. Bizning oddiy bo‘lmagan taqvimizdagi bu o‘yin oldidan odatdagi ko‘rsatmalarni aytishga hojat yo‘q. Futbolchilarning ishtiyoqi ulkan. Ularning fikru xayoli shu derbi bilan band. Masalan, «Bornmut»ga qarshi o‘yin oldidan men kiyim almashtirish xonasida ular bilan gaplashdim, lekin ular mening bironta so‘zimni eshitishmagani aniq!

Ular halitdan «Everton»ga qarshi o‘yin haqida o‘ylashmoqda va juda ham zo‘r. Bu kishini to‘lqinlantiradi. Shundan ham tasavvur qilish mumkinki, oldinda yilning eng muhim o‘yini turibdi. Derbida o‘ynash hamisha qiyin kechadi, chunki bosimni qabul qilishga to‘g‘ri keladi. Lekin bosim har ikki jamoaga ham birdek tushadi.

Men alohida o‘yinlarni yoqtiraman. Ha, men 15 yildan buyon murabbiyman, har bir muhimligini bilaman, lekin alohida o‘yinlar ham bo‘ladi. Bu uch kun oldingi o‘yindan katta farq qiladi.

O‘yinga qanday tayyorlandimmi? Men hamisha o‘yinlarni uydagi televizorimda tomosha qilaman. Lekin jamoa yig‘inlarida bir muammo bo‘ladi: Hamisha uyoqqa-buyoqqa g‘imirlab yurishing kerak bo‘ladi. Bunday vaqtlarda men o‘ylab qolaman: «Ey, xudo, men bu yerda nima qilib yuribman?»

Men «Borussiya»ga ilk kelgan vaqtimda, mavsumning to‘rtinchi turidayoq «Shalke» bilan Rur derbisida o‘ynadik. Avvalgi 3 o‘yindagi natijaga hech kim e'tibor qaratmadi. Lekin mening birinchi derbi o‘yinim uncha... Xullas, biz o‘shanda 0:3 hisobida yutqazdik va hisob bundan ham yirikroq bo‘lishi mumkin edi. Men o‘shanda rostdan ham o‘ylagandim: «Umid qilamanki, rafiqam narsalarim qayerdaligini biladi, endi barchasini chemodanlarga joylab, jo‘nashga to‘g‘ri keladi». Ammo biz keyin vaziyatni o‘nglay oldik.

Ha, hozir mersisayd derbisida o‘ynaydigan mahalliy futbolchilar ko‘p emas. Shu shahar futbolchilari bunday derbilar o‘z hayotida qanchalik muhim o‘rin tutishini juda yaxshi anglashadi. Lekin mening yigitlarim ham derbida o‘zlaridan nima talab qilinishini yaxshi bilishadi», – deydi Klopp.

«Liverpul» 32 o‘yindan 51 ochko to‘plab, turnir jadvalida 8-o‘rinni egallab turibdi. «Everton» jamoasi esa 33 o‘yindan 41 ochko jamg‘argan holda 9-o‘rinni band etgan. Bu jamoalarning uchrashuvi 20 aprel kuni, Toshkent vaqti bilan soat 22:00da boshlanadi.